Oʻzbekiston aholisining eng koʻp qismi qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida faoliyat yuritadi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.
2025-yil yakuniga koʻra, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida aholining 3,13 million nafari mehnat qilmoqda. Biroq bu eng yuqori ulush boʻlishiga qaramay, oxirgi 14 yil ichidagi eng past koʻrsatkich sanaladi. Masalan, 2011-yilda mazkur sohada 3,22 million kishi, 2017-yilda 3,67 million odam band boʻlgan.
Mamlakatda ishlab chiqarish sanoatida faoliyat koʻrsatayotganlar 1,7 million, ulgurji va chakana savdoda xizmat qilayotganlar 1,5 million nafardan oshadi.
Qurilish sohasida 1,45 million, taʼlimda 1,36 million oʻzbekistonlik mehnat qilmoqda. Taqqoslash uchun, 2010-yilda qurilishda 1,03 million, taʼlimda 1,1 million aholi faoliyat yuritgan. Oʻtgan 15 yil davomida qurilishda ishlovchilar ulushi taʼlimdagiga qaraganda tezroq oʻsgan.
Aholining 719,4 ming nafari sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar, 637 ming nafari davlat boshqaruvi hamda mudofaa sohalarida ishlaydi.
Oʻz navbatida 584,6 ming kishi tashish va saqlash, 389,5 ming kishi yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmat koʻrsatadi.
Aholining 152,6 ming nafari professional, ilmiy va texnik faoliyat, 114,2 ming nafari boshqarish hamda yordamchi xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanadi.
Axborot va aloqa sohasida 108,8 ming kishi, moliyaviy va sugʻurta boʻyicha 82,9 ming kishi faoliyat yuritadi. Yana 70,7 ming odam elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash, 67,8 ming kishi koʻchmas mulk savdosi, 66,9 ming kishi sanʼat, koʻngil ochish va dam olish tarmoqlarida mehnat qiladi.
Oʻz navbatida togʻ-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash bilan 66,7 ming kishi, suv bilan taʼminlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish bilan 52,8 ming kishi shugʻullanadi.
2026-yil 1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming kishidan oshdi. Shundan erkaklar 19,3 million, ayollar 19,1 million nafarni tashkil etgan. Shaharlarda 19,6 million kishi, qishloqlarda 18,8 million kishi yashamoqda.
Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha mamlakat aholisining qariyb 20,4 million nafari mehnatga layoqatli hisoblanadi.








