Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mas’ul xodimlarning manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani haqidagi ma’lumotlar to‘liq asosga ega emasligini ma’lum qildi.
Vazirlik rasmiy munosabatiga ko‘ra, hozirda xodimlarning ehtimoliy korrupsion harakatlariga doir barcha holatlar o‘rganilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga tegishli ma’lumotlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, vazirlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va keng jamoatchilik vakillaridan tekshiruv yakunlari e’lon qilinmaguncha asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari yoki internet orqali tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganligi eslatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.
Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilgan.








