AQSH davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida Xitoyni Amerika uchun asosiy geosiyosiy muammo deb atadi. Unga ko‘ra, Xitoy bilan munosabatlar Vashington uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
“Bizning manfaatlarimiz ularniki bilan to‘qnash keladi. Urushlarning oldini olish hamda dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun biz ushbu jarayonlarni boshqarishimiz kerak bo‘ladi”, dedi Rubio.
Rubio Amerika delegatsiyasining Xitoyga safari davomida Pekinni Eronga nisbatan faolroq ta’sir o‘tkazishga ko‘ndirishga harakat qilishini bildirdi. Maqsad Tehronni Hormuz bo‘g‘ozida keskinlikni oshirishdan qaytarishdir. Davlat kotibi Eronni “beqarorlikning ulkan manbasi” deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Eron Osiyoda boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq beqarorlik keltirib chiqarishi mumkin. Chunki Osiyo davlatlari energiya ta’minoti masalasida ushbu bo‘g‘ozga juda bog‘lanib qolgan.
14-15-may kunlari AQSH va Xitoy yetakchilari Donald Tramp hamda Si Szinpin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Marko Rubio ham Amerika delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda ishtirok etadi.
Xitoy urushdan qanday foydalanmoqda?
The Washington Post nashri AQSH razvedkasiga tayanib Xitoy Erondagi urushdan AQSH ustidan harbiy, iqtisodiy va diplomatik ustunlikka erishish uchun foydalanayotganini yozdi. Xabarga ko‘ra, 28-fevralda urush boshlanganidan beri Xitoy Fors ko‘rfazidagi AQSH ittifoqchilariga o‘z bazalari va neft infratuzilmasini Eron hujumlaridan himoya qilish uchun qurol sotgan.
Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi oqibatida energetika inqiroziga uchragan davlatlarga yordam ko‘rsatgan. Bundan tashqari, razvedka ma’lumotlarida aytilishicha, bu urush Tayvanni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim bo‘lgan Amerika o‘q-dorilari zaxirasini kamaytirgan. Bu esa Pekinga AQSHning harbiy operatsiyalarini kuzatish imkonini bergan.
“Xitoy urushdan foydalanib, Vashingtonning xalqaro tartib kafolati sifatidagi nufuziga putur yetkazishga urinmoqda”, deyiladi xabarda.
Ikki davlat rahbarlari uchrashuvi oldidan Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi munosabatlardagi to‘rtta “qizil chiziq”ni belgilab berdi:
1. Tayvan masalasi.
2. Demokratiya va inson huquqlari.
3. Yo‘llar va siyosiy tizimlar.
4. Xitoyning rivojlanish huquqi.
Associated Press agentligining yozishicha, AQSH Pekin Tehronga bosim o‘tkazishiga va BMT Xavfsizlik kengashining Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha rezolyutsiyasiga to‘sqinlik qilmasligiga umid qilmoqda.








