Daryo

Ukraina Donbassning bir qismini Tramp sharafiga Donnilend deb atashni taklif qildi — NYT

Rossiya egallashga urinayotgan hudud nomini oʻzgartirish ilgari surildi. Bu orqali AQSHdan Moskvaga bosim oʻtkazish va hududiy talablarni yumshatish ko‘zlangan. Donnilend ikki tomon to‘liq nazorat qilmaydigan, Trampning yutug‘i sifatida talqin etiladigan hudud sifatida ko‘rilgan.

3 daqiqa o‘qish7 697 ko‘rishlar0 izoh4

Ukraina rasmiylari tinchlik muzokaralarida Donbassning Rossiya egallashga urinayotgan qismini Donnilend (Donnyland) deb atashni taklif qildi. Bu haqda muzokaralardan xabardor uch kishiga tayanib The New York Times xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, taklif etilgan nom Donbass va Donald (AQSH prezidenti Donald Tramp) nomlarining birikmasidan hosil bo‘lgan. Muzokaralarning o‘ta maxfiyligi sababli manbalar ismini oshkor etmagan. Ukrainalik rasmiylardan biri bu atamani ilk bor qisman hazil tariqasida tilga olgan. Bu Tramp ma’muriyatini Rossiyaning hududiy da’volariga qarshi qat’iyroq pozitsiyada turishga undashga qaratilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus qo‘shinlari Donbassni to‘liq egallamaguncha urushni davom ettirishini aytib kelmoqda.

“Disneylend”ni eslatuvchi bunday nomning aholisi kamaygan, vayronaga aylangan Ukrainaning ko‘mir va po‘lat hududiga nisbatan qo‘llanishi g‘alati tuyulishi mumkin.

“Ammo bu dunyo mamlakatlari Amerika qudratini o‘z tomoniga og‘dirish uchun Trampning shuhratparastligidan foydalanayotgan global voqelikni ham aks ettiradi”, deyiladi xabarda.

Ukraina uchun bu taklif hozircha samara bermagan. Garchi Donnilend rasmiy hujjatlarda qo‘llanmayotgan bo‘lsa-da, atama muzokaralarda ishlatilmoqda. Muzokarachilar hududni boshqarishda Trampning Tinchlik kengashi ishtirok etishi mumkinligini ham ilgari surgan, biroq hozircha na Rossiya, na Ukraina bunga qo‘shilgan.

Donbassdagi taxminan 80x60 kilometr hudud masalasi muzokaralardagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. AQSHning asosiy muzokarachilari — Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner — e’tiborini Eron bilan bog‘liq mojaroga qaratgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy aprel oyida ularning tashrifini kutayotganini aytgandi.

Biroq muzokaralardan xabardor bir manbaga ko‘ra, amerikaliklar bunday safarga arzigulik siljishni kutmoqda. Ular Rossiyaga ham yana bir bor tashrif buyurishni rejalashtirgan.

“Ukrainada ishlar oldinga siljiyapti. Ularning kelishib olishlarini istardim. Nima bo‘lishini ko‘ramiz, u yerda muayyan jarayonlar ketmoqda”, dedi Tramp o‘tgan hafta jurnalistlarga.

U prezidentlik kampaniyasi davrida Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan edi. Hozir esa u va uning muzokarachilari bir yildan ortiq vaqtdan beri tinchlik bitimini imzolashga urinmoqda.

Donnilend ukrainaliklarning Trampni o‘z tomoniga og‘dirishga qaratilgan usullaridan biri hisoblanadi, deyiladi xabarda.

2025-yil avgust oyida Tramp Alyaskada Putin bilan uchrashganidan beri Ukrainaga hududiy yon bosish g‘oyasini ilgari surib kelmoqda. U ukrain harbiylarining Donbassdan chiqib ketishini qo‘llab-quvvatlagan va hududiy yo‘qotishlarsiz urush tugamasligini aytib o‘tgan.

Foto: NYT

Ukrainalik rasmiylarning aytishicha, hozirda Donbasssda, taxminan, 190 ming kishi yashaydi. Muzokaralarga yaqin boshqa manbalar esa haqiqiy raqam bundan ikki baravar kam bo‘lishi mumkinligini aytgan. Hudud front chizig‘iga shunchalik yaqinki, asosiy magistral yo‘l rus dronlaridan himoyalanish uchun to‘rlar bilan yopilgan. Hududda faqat bitta ko‘mir koni va askarlarga xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar faoliyat yuritmoqda.

Ukraina bu hududdan voz kechmasligini ta’kidlamoqda. Biroq dekabr oyida Zelenskiy urishayotgan tomonlarning hech biri to‘liq nazorat qilmaydigan demilitarizatsiya qilingan hudud yoki erkin iqtisodiy zona yaratish bo‘yicha murosaga ochiqligini bildirgandi.

Kreml esa, agar bu hududda Rossiya politsiyasi yoki Milliy gvardiyasi patrullik qilsa, demilitarizatsiya qilingan zona yaratishga tayyorligini ta’kidlagan. Bu shartni Kiyev qabul qilmagan.

Ukraina Tramp ma’muriyatidan Moskvaga bosim o‘tkazib, uning pozitsiyasini yumshatishni istagan. Shu bois ukrainalik muzokarachilar taklif etilayotgan zonani Donnilend deb atashni ilgari surgan. Bu har ikki tomon to‘liq nazorat qilmaydigan va Trampning yutug‘i sifatida talqin qilinadigan hudud bo‘lishi kerak edi.

RAND tahlil markazi siyosatshunosi Samuel Charapning aytishicha, Moskva ham, Kiyev ham Donbassning Ukraina nazoratida qolayotgan qismi bo‘yicha muayyan moslashuvchanlik ko‘rsatgan. Ukraina uchun asosiy muammo shundaki, u yerda qurilgan istehkomlar va hududning oʻzi Rossiyaning kelajakdagi ehtimoliy bosqinini osonlashtirishi mumkin. Charapga ko‘ra, Ukraina hududga Tramp nomi berilishini ma’lum darajada xavfsizlik kafolati sifatida ko‘rgan.

“Erkin iqtisodiy zonada Trampning muhri bo‘lishi, menimcha, ular buni qandaydir to‘xtatuvchi kuch deb hisoblashadi”, dedi ekspert Ukrainaga ishora qilib.

Fevral oxirida hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qoldi. Aynan shu vaqtda Eron bilan bog‘liq mojaro AQSH muzokarachilari e’tiborini chalg‘itdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Rossiya faqat Donbass ustidan to‘liq huquqiy nazoratni qabul qilishini aytdi. Zelenskiy esa tinchlik evaziga yer berish ehtimolini rad etib, buni “katta xato” deb atadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar