Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvni hech qachon rad etmaganini, ammo bunday uchrashuvning foydasi borligiga shubha bildirmoqda. Bu haqda u Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
“Janob Zelenskiy bilan uchrashuvga kelsak, men bunday imkoniyatni hech qachon inkor etmaganman. Lekin buning biror ma’nosi bormi?”, dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya rahbari agar Ukraina prezidenti muzokaralar o‘tkazishni xohlasa, “Moskvaga kelsin, uchrashuvimiz o‘sha yerda bo‘ladi”, deb ta’kidlagan.
Putinning aytishicha, uchrashuvlar faqat ijobiy natija kafolatlangan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin.
“Aytgancha, AQSH prezidenti Donald Tramp mendan shunday uchrashuv o‘tkazishni so‘ragan edi. Men “Ha, bu mumkin”, deb javob berganman. Oxir-oqibat, agar Zelenskiy tayyor bo‘lsa, Moskvaga kelsin, shunda bunday uchrashuv amalga oshadi”, dedi Rossiya prezidenti.
Bundan avval Donald Tramp AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlikka oid uch tomonlama uchrashuv albatta o‘tkazilishini aytgandi. Biroq u Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishiga ishonch bildirmagan.








