Daryo

“Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimini Zelenskiy orqaga tortmoqda” — Tramp

AQSH prezidenti Putin muzokaralarga tayyorligini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish4 288 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp Reuters agentligiga bergan eksklyuziv intervyusida Ukraina bo‘yicha ehtimoliy tinchlik kelishuvini Rossiya emas, balki Ukraina tomoni kechiktirayotganini ma’lum qildi.

Trampning Oq uydagi Oval kabinetda 14-yanvar kuni bergan ushbu bayonoti Yevropalik ittifoqchilarning pozitsiyasiga keskin zid keladi. Yevropa yetakchilari Moskva to‘rt yildan buyon davom etayotgan urushni tugatishdan manfaatdor emasligini ta’kidlab kelmoqda.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni yakunlashga tayyor, biroq Vladimir Zelenskiy bu masalada passivroq.

“Nazarimda, Putin kelishuvga rozi. Ukraina esa bunga uncha tayyor emas deb o‘ylayman. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi eng yirik quruqlikdagi mojaroni AQSH boshchiligidagi muzokaralar nega hali ham hal qilmagani sababi — Zelenskiy”, dedi Tramp.

Reuters’ning yozishicha, prezidentning ushbu sharhlari ukrainalik yetakchiga nisbatan norozilikni ifodalaydi. Ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqtdan beri beqaror bo‘lib kelgan, garchi Tramp prezidentlikka qaytgan birinchi yil (2025) davomida aloqalar biroz yaxshilangandek ko‘ringan bo‘lsa-da.

Shuningdek, Tramp Putinning va’dalariga o‘z ittifoqchilaridan ko‘ra ko‘proq ishonishga moyilligi Kiyev, Yevropa shaharlari va hatto AQSH Kongressidagi ayrim huquqshunoslar, xususan, respublikachilarning xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Masalan, 2025-yil dekabr oyida AQSH razvedkasi Putin Ukrainani to‘liq egallash niyatidan voz kechmagani haqida ogohlantirgandi, biroq Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard bu ma’lumotni rad etgan.

Muzokaralardagi asosiy to‘siqlar

AQSH boshchiligidagi so‘nggi muzokaralar urushdan keyingi Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish va Rossiyaning qayta hujum qilmasligini ta’minlashga qaratilgan. Amerikalik muzokarachilar — maxsus vakil Stiv Vitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Ukrainani Donbass mintaqasidan voz kechishga undamoqda.

Reuters bilan intervyu davomida Tramp quyidagi muhim nuqtalarga to‘xtaldi:

  • Muzokaralarning asosiy qismi Donbassning taqdiriga bog‘liq.
  • Tramp Bloomberg agentligi tarqatgan Vitkoff va Kushnerning Moskvaga rejalashtirilgan safari haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.
  • Kelasi hafta Shveysariyaning Davos shahrida o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida Tramp Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi, biroq hozircha bu haqda aniq reja yo‘q.

Zelenskiy nima uchun muzokaralarni orqaga surayotgani haqidagi savolga Tramp:

“U shunchaki bir qarorga kelishda qiynalmoqda”, deya javob berdi.

Vladimir Zelenskiy mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, Kiyevning yer berishga haqqi yo‘qligini aytib, har qanday hududiy yon bosishlarni rasman rad etib kelmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar