Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) 17-aprel, juma kuni AQSH va Isroilning Eron bilan urushi oqibatida yuzaga kelgan aviakerosin tanqisligi sabab, Yevropada may oyining oxiridan boshlab ilk reyslar bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Xalqaro energetika agentligining (XEA) aviayonilg‘i yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlar haqidagi bahosi “jiddiy xavotir uyg‘otmoqda”, deya ta’kidladi IATA.
Assotsiatsiya rahbari Uilli Uolsh Osiyodagi vaziyatga e’tibor qaratib, u yerda kerosin yetishmovchiligi tufayli reyslar allaqachon bekor qilinayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, Osiyo Yevropaga qaraganda Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan yetkazib beriladigan aviayonilg‘iga ancha qaramdir.Germaniya aviatsiya sanoati federal uyushmasi esa “zudlik bilan choralar ko‘rish, imkon qadar Yevropa Ittifoqi darajasida muvofiqlashtirish”ni talab qildi. Uyushma bahosiga ko‘ra, kerosin tanqisligi dastlab kam yuklama tushadigan qisqa masofali yo‘nalishlarning vaqtincha to‘xtatilishiga hamda yonilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlarning tezroq ekspluatatsiyadan chiqarilishiga olib keladi.
Aviatsiya qatnovlarining cheklanishi Germaniya va Yevropa iqtisodiyotiga “sezilarli zarar” yetkazishi ta’kidlandi. “Yozgi turizm mavsumi yaqinlashmoqda, ayni damda turizm va biznes faoliyati aynan aviatsiyaga bog‘liq”, deya qayd etiladi xabarda.
Germaniya hukumati pozitsiyasi
Germaniya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe esa bir kun avval mamlakatda “kerosin tanqisligi yo‘qligini” ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya yonilg‘ini o‘zining neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqaradi va faqat importga bog‘lanib qolmagan. Shuningdek, zarurat tug‘ilganda davlat zaxiralaridan aviayonilg‘i ajratilishi mumkinligi ham aytildi.
Germaniyadagi yonilg‘i va energetika sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi sanoat uyushmasi Fuels und Energie ham hozircha mamlakatda benzin, dizel, mazut va aviakerosin ta’minotida uzilishlar kuzatilmayotganini bildirdi. Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi inqiroz sharoitida xom neft va neft mahsulotlari ta’minoti doimiy muammo bo‘lib qolayotganini va vaziyatni uzluksiz monitoring qilish zarurligini tan oldi.
Germaniya aviatsiya sanoati federal uyushmasi esa vaziyatni ancha jiddiyroq baholab, neft sanoati va yonilg‘i omborlari operatorlaridan mavjud kerosin zaxiralari haqida “zudlik bilan” ma’lumot berishni, Germaniya hukumati esa bu boradagi ma’lumotlarni darhol yig‘ishni talab qildi.
Aviakerosin uchun global raqobat
Eron bilan urush aviakerosin narxining jahon bozorida keskin oshishiga olib keldi. Bu o‘sish hatto xom neft narxiga nisbatan ham yuqoriroq bo‘ldi. Natijada, dunyo bo‘ylab ko‘plab aviakompaniyalar tariflarni oshirdi yoki xavfsizlik va iqtisodiy sabablarga ko‘ra ayrim reyslarni to‘xtatdi.
Germaniya aviatsiya sanoati federal uyushmasi global miqyosda aviayonilg‘i uchun keskin raqobat kuchayib borayotganidan ham ogohlantirmoqda. Yevropa va Germaniya bu borada, ayniqsa, tez rivojlanayotgan Osiyo bozorlari bilan raqobatlashmoqda. Xitoy va Hindiston kabi davlatlar Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan yetkazib beriladigan yonilg‘ini uzoq muddatli shartnomalar yoki yuqori narxlar evaziga o‘ziga jalb qilishga urinmoqda. AQSH va Afrikadan keladigan muqobil yetkazib berishlar esa bu tanqislikni faqat qisman qoplay oladi.
Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi yaqin uch hafta ichida qit’ada tizimli aviayonilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.








