Daryo

Rossiya Xitoyga neftni rekord miqdorda arzonga sotmoqda

Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftidan voz kecha boshlagani sababli Xitoydagi xaridorlarga yuqori chegirmalar taklif etildi.

2 daqiqa o‘qish13 904 ko‘rishlar0 izoh11

Rossiya neft kompaniyalari Hindiston zavodlari rad eta boshlagan partiyalarni sotish uchun Xitoyga neftni yuqori chegirmalarda berishga majbur bo‘lmoqda. 

Manabalarga ko‘ra, Boltiqbo‘yi portlarida Urals markali neftning ayrim partiyalari Brent markasiga nisbatan bir barrel uchun 35 dollargacha chegirma bilan sotilmoqda. Bu urush davridagi rekord ko‘rsatkichdir. Brentning hozirgi narxlarini inobatga olganda, bu Urals neftining bir barreli 30 dollardan ham arzonlashganini anglatadi. Bu ko‘rsatkich pandemiya davridan beri eng past daraja hisoblanadi.

Urals uchun o‘rtacha chegirmalar Boltiq dengizida bir barrel uchun 21,5 dollarni, Qora dengizda esa, taxminan, 20 dollarni tashkil etadi. Rossiyaning asosiy eksport nefti o‘rtacha 40 dollar atrofida sotilmoqda. 2025-yil boshiga nisbatan asosiy eksport markasi 40 foizga arzonlashgan.

“Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar kuchaytirilgach, Gretsiyaning tanker kompaniyalari Rossiya neftini tashishdan bosh tortishni boshladi, deydi Vortexa tahlilchisi Delia Xe.

​Agar noyabr oyida Rossiya neftining har to‘rtinchi barreli Gretsiya tankerlarida tashilgan bo‘lsa, keyingi davrda ularning ulushi 10 foizgacha tushib ketgan. Rossiya portlariga kirgan 35 ta kemadan hozir atigi 10 tasi faoliyatini davom ettirmoqda.

Natijada Rossiya neftchilari tankerlar yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin, deb hisoblaydi Xe.

​Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, rejalashtirilgan eksport hajmini ta’minlash uchun Rossiyaga umumiy yuk ko‘tarish quvvati 6,5 million tonnani tashkil etadigan qariyb 50 ta Suezmax yoki Aframax turidagi tanker yetishmaydi. Urals narxining pasayishi Rossiya byudjeti uchun muammolarni yanada kuchaytirishi mumkin. Chunki bu yilning o‘zida xomashyo daromadlari 20 foizdan ortiqqa kamaygan. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida neftning o‘rtacha soliq narxi 44,8 dollargacha tushgan. Bu so‘nggi 5 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, dekabr oyida neft-gaz kompaniyalaridan tushadigan soliq tushumlari 410 milliard rublgacha kamayishi mumkin. Bu 2020-yil avgustidan beri eng past daraja hisoblanadi. 2024-yil dekabriga nisbatan ular 380 mlrd rublga yoki 49 foizga past bo‘ladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar