Mercedes-Benz rahbariyati xodimlar xarajatlarni qisqartirishga rozi bo‘lmasa, Germaniyadagi zavodlardan birini yopib, ishlab chiqarishni Sharqiy Yevropaga ko‘chirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Wirtschaftswoche nashri kompaniyadagi manbalarga tayanib xabar berdi deb yozmoqda Bild.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya rahbariyati xodimlarga beriladigan ayrim to‘lovlarni, jumladan, ta’til puli va Rojdestvo bonuslarining bir qismini bekor qilishni, shuningdek, haftalik 35 soatlik ish vaqtini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Rahbariyat Germaniyadagi korxonalarda mehnat xarajatlarining yuqoriligi kompaniyaning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda deb hisoblamoqda. Bunga, xususan, Mercedes-Benz avtomobillarining savdosi, ayniqsa, Xitoy bozorida pasaygani sabab bo‘lmoqda.
Mercedes-Benz boshqaruvi a’zolaridan biri Germaniyadagi mehnat xarajatlari sezilarli darajada kamaytirilishi kerakligini, aks holda kompaniya Sharqiy Yevropada yangi zavod qurishi mumkinligini ochiq aytgan.
Kompaniyaning ishlab chiqarish kengashi esa bunday bayonotlarni “shantaj” va “o‘ta jiddiy tahdid” deb baholagan.
Hozircha aynan qaysi zavod yopilishi mumkinligi ma’lum qilinmagan.
Shu bilan birga, Mercedes-Benz Vengriyada ishlab chiqarish quvvatlarini faol ravishda kengaytirmoqda. Kompaniyaning Kechkemet shahridagi zavodi istiqbolda yiliga 400 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Mercedes-Benz Group bosh ijrochi direktori Ola Kellenius avtokonsern global xavfsizlikka tahdidlar tufayli harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishi mumkinligini e'lon qilgan edi.








