Daryo

Yevropada uch hafta ichida samolyotlar yonilg‘isiz qolishi mumkin

Hormuz bo‘g‘ozi ochilmasa, aviatsiya sektori yozgi tig‘iz sayohat mavsumi arafasida jiddiy inqirozga yuz tutishi prognoz qilindi.

2 daqiqa o‘qish4 943 ko‘rishlar0 izoh2

Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi yaqin uch hafta ichida qit’ada tizimli aviayonilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda tashkilotning Yevropa komissiyasiga yo‘llagan maktubiga tayanib Reuters xabar berdi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, agar Hormuz bo‘g‘ozi ochilmasa, Yevropa aviatsiya sektori yozgi tig‘iz sayohat mavsumi arafasida jiddiy inqirozga yuz tutadi.

Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi bosh direktori Olivier Yankovechning 9-apreldagi maktubida aytilishicha, yonilg‘i inqirozi Yevropa iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazadi. Bu Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli neft narxi oshishining salbiy oqibatlarini yanada kuchaytiradi.

Aviatsiya sohasi Yevropa iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Jumladan, yillik yalpi ichki mahsulotga qo‘shiladigan hissa 851 milliard yevro (997 mlrd dollar)ni tashkil etadi. Sektor 14 millionta ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Shuningdek, aeroportlar Yevropa eksportining qiymat jihatidan 26 foizini tashkil qiladi.

Monitoring va zaxira muammosi

Yankovechning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa komissiyasining neft bo‘yicha muvofiqlashtirish guruhi yig‘ilishi shuni ko‘rsatdiki, hozirda Yevropa Ittifoqi miqyosida aviayonilg‘i ishlab chiqarish va uning mavjudligini kuzatish tizimi mavjud emas.

Shu munosabat bilan, Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi Yevrokomissiyadan quyidagilarni talab qilmoqda:

1) amaldagi va kutilayotgan yonilg‘i zaxiralarini ehtiyojga qarab xaritaga tushirish;

2) muqobil import manbalarini aniqlash;

3) Yevropa ittifoqi ichidagi yonilg‘i oqimlariga bo‘lgan tahdidlarni baholash;

4) strategik zaxiralar darajasini tekshirish.

Narxlar ikki baravarga oshdi

So‘nggi haftalarda aviayonilg‘i narxi bir barrel uchun 150-200 dollargacha ko‘tarildi, bu odatdagi narxdan ikki baravar qimmatdir. Aviakompaniyalar uchun bu katta moliyaviy zarba, chunki yonilg‘i xarajatlari jami operatsion xarajatlarning qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etadi.

Yevropa aeroportlari xalqaro kengashi, shuningdek, yonilg‘i importiga qo‘yilgan cheklovlarni, xususan, 2027-yil yanvar oyidan kuchga kirishi kutilayotgan metan bo‘yicha yangi reglament talablarini vaqtincha olib tashlashni so‘radi. Yankovechning ogohlantirishicha, ushbu qoidalar hozirdanoq uchinchi davlatlardagi yonilg‘i sotuvchilarini yozgi mavsum uchun shartnoma imzolashdan cho‘chitmoqda.

Bundan tashqari, inqirozga qarshi chora sifatida Yevropa ittifoqi miqyosida yonilg‘ini jamoaviy sotib olish tizimini joriy etish va aeroportlar hamda aviakompaniyalarga davlat yordami ko‘rsatish taklif qilinmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar