Daryo

Messi va Argentina futbol assotsiatsiyasi firibgarlikda ayblanmoqda — TMZ Sports

AQSHning VID promouterlik kompaniyasi hujumchi Lionel Messi hamda Argentina futbol assotsiatsiyasini firibgarlik va shartnoma shartlarini buzishda ayblab, Janubiy Florida sudiga murojaat qildi

1 daqiqa o‘qish3 335 ko‘rishlar0 izoh3

AQSHning VID promouterlik kompaniyasi hujumchi Lionel Messi hamda Argentina futbol assotsiatsiyasini (AFA) firibgarlik va shartnoma shartlarini buzishda ayblab, Janubiy Florida sudiga murojaat qildi. Bu haqda TMZ Sports portali xabar bermoqda.

Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, kompaniya Argentina terma jamoasining AQSHda Venesuela (1:0) va Puerto-Rikoga (6:0) qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish huquqi uchun AFAga 7 million dollar to‘lagan.

Shartnomaga muvofiq, agar Messi jarohat olmagan bo‘lsa, har bir o‘yinda kamida 30 daqiqa maydonda harakat qilishi kerak edi. Biroq 11-oktyabr kuni Venesuelaga qarshi kechgan bahsda futbolchi maydonga tushmagan va o‘yinni VIP-sektordan kuzatib borgan. Promouterlarning ta’kidlashicha, Messida hech qanday jarohat bo‘lmagan. Bunga isbot sifatida uning ushbu o‘yindan bir kun o‘tib, “Inter Mayami” safida maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist muallifiga aylangani ko‘rsatilmoqda.

AFA ko‘rilgan zararni qoplash uchun 2026-yilda Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etib berishni va’da qilgan, ammo amalda bu kelishuv amalga oshmagan. Kompaniya bir necha million dollar zarar ko‘rganini da’vo qilmoqda, biroq da’voning aniq summasi ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, 38 yoshli Lionel Messi sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Barselona” va “PSJ” klublarida to‘p surgan hujumchi Jahon chempioni (2022) va ikki karra Amerika Kubogi g‘olibi (2021, 2024) sanaladi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar