Pokiston mudofaa pakti doirasida Saudiya Arabistoniga qiruvchi samolyotlar va harbiy kuchlar yubordi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi harbiy uchoqlar “Qirol Abdulaziz” aviabazasiga yetib kelganini ma’lum qildi.
Bu qadam qo‘shma mudofaa hamkorligini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi bayonotda.
Harbiy yordam Eronning Saudiya energetika infratuzilmasiga bergan zarbalari hamda bir nafar Saudiya fuqarosi halok bo‘lganidan so‘ng yuborilgan. Xususan, 6-aprel kuni Eron Jubayldagi neft-kimyo majmuasiga hujum qildi. Islomobod qirollikning ehtimoliy javob zarbasi AQSH va Eron muzokaralariga xalaqit berishidan xavotirlangandi.
Samolyotlarning jo‘natilishi Pokiston poytaxtida Eronga qarshi urushni tugatishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazilayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Pokistonlik anonim rasmiyning ta’kidlashicha, qiruvchi samolyotlar kimgadir hujum qilish uchun emas, balki qirollikni kelgusi hujumlardan himoya qilishda Islomobodning sodiqligini namoyish etish uchun yuborilgan.
Xavfsizlik boʻyicha oʻn yillik hamkorlik
Ar-Riyod va Islomobod 2025-yil sentyabr oyida o‘zaro mudofaa paktini imzoladi. Unga ko‘ra, tomonlardan biriga qarshi har qanday tajovuz ikkalasiga qarshi hujum sifatida baholanadi. Pokiston uzoq yillardan beri Saudiya Arabistoni harbiylari tayyorgarlik va maslahatlar bilan yordam berib keladi. Qirollik esa iqtisodiy qiyinchilik davrida Pokistonni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda bir necha bor ishtirok etgan.








