Daryo

“O‘sha lahzada o‘lib qolaman deb o‘ylagandim” — Neymar

Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar 2022-yili Qatarda o‘tgan Jahon chempionati chorak finalida Xorvatiyadan uchralgan mag‘lubiyatni yodga oldi.

1 daqiqa o‘qish9 964 ko‘rishlar0 izoh9

Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar 2022-yili Qatarda o‘tgan Jahon chempionati chorak finalida Xorvatiyadan uchralgan mag‘lubiyatni yodga oldi. O‘shanda “pentakampeonlar” penaltilar seriyasida 4:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

Neymar xorvatlar bilan o‘yinda beshinchi bo‘lib penalti tepishi kerak edi, biroq navbat unga yetib kelmadi. Futbolchining ta’kidlashicha, o‘sha lahzalarda u ruhan juda qattiq qiynalgan.

“Hayotim davomida har doim beshinchi penaltini tepganman. Bu eng qiyin zarba, lekin unga navbat yetmasligi ham mumkin ekan. O‘shanda go‘yo o‘lib qoladigandek edim. O‘yindan keyin mehmonxonaga qaytdik, go‘yo butun dunyo ostun-ustun bo‘lib ketgandek edi”, deya eslaydi futbolchi.

Neymar o‘sha mag‘lubiyatdan keyin oilasi bilan uchrashgan daqiqalarni hayotining eng og‘ir damlari sifatida eslashini aytdi.

“Tasavvurimda o‘z dafn marosimimni ko‘rayotgandek edim. Xuddi tobut ichida yotibman-u, hammaning ko‘zi qizargan, hamma sukutda. Odamlar menga qarab: ‘sen hali tirikmisan?’ degandek tuyulardi. Bu dahshatli tuyg‘u edi”.

Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (79 ta gol) hisoblangan Neymar JCH—2026 da ishtirok etishni maqsad qilgan. Biroq terma jamoa bosh murabbiyi Neymar borasida hali yakuniy to‘xtamga kelgani yo‘q. Sababi hujumchi 2023-yilning oktyabr oyida tizzasidan olgan og‘ir jarohati sababli uzoq vaqt maydonga tusha olmadi.

Ma’lumot uchun, besh karra jahon chempioni bo‘lgan Braziliya 2002-yildan buyon mundiallarda g‘olib chiqa olmayapti.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar