AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida qaysi klublardan eng ko‘p futbolchi ishtirok etishiga oid ro‘yxat e’lon qilindi. Reytingda Angliyaning “Manchester Siti” klubi 19 nafar futbolchi bilan peshqadamlik qilmoqda.
Germaniyaning “Bavariya” 18 nafar futbolchi bilan ikkinchi pog‘onani egallab turgan bo‘lsa, Fransiyaning “PSJ” va Londonning “Arsenal” klublari kuchli uchlikni band etgan (har ikkisida ham 16 nafardan futbolchi). Kataloniyaning “Barselona” klubi esa 15 nafar futbolchi bilan keyingi o‘rinda qayd etilgan.
Ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida “Manchester Yunayted”, “Kristal Pelas”, “Atletiko Madrid” hamda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klublari qayd etilgan. Ushbu jamoalarning har biridan 12 nafardan futbolchi Jahon chempionatida ishtirok etishi kutilmoqda. Madridning “Real” klubidan 2026-yilgi Jahon chempionatiga bor-yo‘g‘i 11 nafar futbolchi ishtirok etadi — bu jamoaning 2010-yildan buyon qayd etgan eng past ko‘rsatkichidir. Aslida bu raqam ancha yuqori bo‘lishi mumkin edi, biroq turli jarohatlar va murabbiylarning tanlovi sababli Militao, Rodrigo, Kamavinga, Xeysen, Mastantuono hamda Trent Aleksander-Arnold kabi futbolchilar o‘z terma jamoasi qaydnomasidan joy olmadi.
O‘zbek klublaridan qaysilari eng ko‘p futbolchi jo‘natgan?
Mundialda o‘zbek klublaridan jami 16 nafar futbolchi ishtirok etadi. O‘zbek klublari orasida eng ko‘p futbolchi jo‘natgan jamoalar ro‘yxati quyidagicha:
- “Paxtakor” — 5 nafar futbolchi (Hojiakbar Alijonov, Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullayev, Dostonbek Hamdamov, Zayd Tahsin (Iroq));
- “Neftchi” — 3 nafar futbolchi (Farruh Sayfiyev, Jamshid Iskanderov, Botirali Ergashev);
- “Nasaf” — 2 nafar futbolchi (Abduvohid Ne’matov, Umar Eshmurodov);
- “Dinamo” — 2 nafar futbolchi (Azizbek Amonov, Jahongir O‘rozov);
- “Navbahor” — 1 nafar futbolchi (O‘tkir Yusupov);
- “Buxoro” — 1 nafar futbolchi (Sherzod Esanov);
- “Surxon” — 1 nafar futbolchi (Behruzjon Karimov);
- “OKMK” — 1 nafar futbolchi (Avazbek O‘lmasaliyev).
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan hamda bir vaqtning o‘zida uchta davlat — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan dastlabki mundial sifatida tarixga kiradi.








