Daryo

“Tarixdagi eng qimmat va noqulay mundial”: JCH—2026 ga borayotgan muxlislar nimadan norozi?

“Men birgina Shotlandiya — Marokash o‘yini chiptasi uchun 1350 dollar sarfladim. Ushbu 6 kunlik AQSH safaridan orttirilgan kredit qarzlarimni uzishim uchun kamida ikki yil kerak bo‘ladi”, deydi 37 yoshli shotlandiyalik muxlis Rori Fillips-Hanter.

3 daqiqa o‘qish13 673 ko‘rishlar0 izoh3

Avvalgi Jahon chempionatlari muxlislar uchun haqiqiy bayram va qulaylik ramzi bo‘lgan edi. Masalan, 2006-yil Germaniyadagi turnirda “KombiTicket” tizimi orqali o‘yin kunlari jamoat transporti tekin qilingan, 2018-yil Rossiyada shaharlararo poyezdlar, 2022-yil Qatarda esa metro xizmati muxlislar uchun mutlaqo bepul bo‘lgandi. Biroq 2026-yilgi mundialga mezbonlik qilayotgan AQSHda vaziyat butunlay boshqacha tus olmoqda.

Shundoq ham chiptalar, aviaqatnovlar va mehmonxonalarning haddan tashqari qimmatligidan aziyat chekayotgan futbol ishqibozlari endi stadionga borib-kelish uchun ham katta mablag‘ sarflashga majbur.

Nyu-Jersidagi stadionga poyezdda borib-kelish narxi 98 dollar, Massachusetsda esa 80 dollar etib belgilangani futbol ishqibozlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Vaholanki, odatiy kunlarda Amerika futboli (NFL) muxlislari ushbu yo‘nalishlar uchun mos ravishda bor-yo‘g‘i 12,90 va 20 dollar to‘lashardi.

Mahalliy rasmiylar narxlar xavfsizlik va qo‘shimcha transport qatnovlari xarajatlarini qoplash uchun belgilanganini aytishsa-da, muxlislar buni turnir tashkilotchilarining navbatdagi “talonchiligi” deb baholashmoqda.

Shotlandiyalik muxlislarning rejasi

Tashkilotchilar taklif qilgan qimmat transport xizmatidan norozi bo‘lgan shotlandiyalik ishqibozlar vaziyatdan chiqishning o‘ziga xos yo‘lini topishdi. 28 yillik tanaffusdan keyin ilk bor mundialga chiqqan Shotlandiya terma jamoasining 1000 nafarga yaqin muxlisi birlashib, 20 ta maktab avtobusini ijaraga oldi. Natijada transport xarajati bir kishi uchun bor-yo‘g‘i 50 dollardan tushdi. Bu orqali ular rasmiylar taklif qilgan transport xarajatidan deyarli ikki barobar tejab qolishdi va umumiy hisobda 85 000 dollardan ortiq mablag‘ni yonlarida olib qolishdi.

“Bu Jahon chempionatini rejalashtirish boshidan oxirigacha dahshatga aylandi. Nazarimda, bu tarixdagi borish eng qiyin va qimmat turnirdir. Men birgina Shotlandiya — Marokash o‘yini chiptasi uchun 1350 dollar sarfladim. Ushbu 6 kunlik AQSH safaridan orttirilgan kredit qarzlarimni uzishim uchun kamida ikki yil kerak bo‘ladi”, deydi 37 yoshli shotlandiyalik muxlis Rori Fillips-Hanter.

Shaharlardagi turlicha yondashuv

Hamma shtatlarda ham transport tizimi bir xil qimmat emas:

  • Atlanta, Xyuston va Sietl: Stadionlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri metro tizimiga bog‘langan va u yerda odatiy arzon tariflar amal qiladi.
  • Mayami: Muxlislar uchun shahar markazidan stadiongacha mutlaqo bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
  • Filadelfiya: FIFA homiysi bo‘lgan Airbnb kompaniyasi moliyalashtirgani sababli stadiondan qaytish bepul qilingan.
  • Kanzas-Siti: Maxsus qatnovchi avtobuslar narxi 15 dollar etib belgilangan.

Nyu-Jersi (“MetLife stadioni”) va Massachusetsdagi (“Gillette stadioni”) yuqori narxlar esa stadionlarning shahar chetida joylashgani bilan bog‘liq. Odatda NFL o‘yinlariga muxlislar shaxsiy mashinasida kelishadi, biroq JCH vaqtidagi xavfsizlik choralari va VIP zonalar sababli avtoturargohlar keskin cheklangan. Bu esa o‘n minglab odamlarni jamoat transportidan foydalanishga majbur qilmoqda.

FIFA va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi nizo

Lozanna universiteti tadqiqotchisi David Gogishvilining ta’kidlashicha, FIFA turnirdan milliardlab daromad ko‘rsa-da (2023–2026-yillar uchun kutilayotgan daromad 13 milliard dollar), xarajatlarni mezbon shaharlar bo‘yniga qo‘yishga o‘rgangan. AQSHdagi mahalliy rasmiylar esa ushbu xarajatlarni soliq to‘lovchilar hisobidan qoplashni istashmayapti. Nyu-Jersi gubernatori Mayki Sherrill ham transport xarajatlarini FIFA to‘lashi kerakligini talab qildi.

Ekspertlarning fikricha, turnir ortidan va’da qilingan ulkan iqtisodiy foyda ham o‘zini oqlamasligi mumkin — hozirda AQSHning 11 ta mezbon shahrida mehmonxonalar bandligi kutilgan darajadan ancha past. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1966-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan deyarli barcha Jahon chempionatlari mezbon mamlakatlar uchun yakunda moliyaviy zarar bilan yakunlangan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar