Nyu York aholisi 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlariga 50 dollarga chipta sotib olishi mumkin. Bu haqda megapolis meri Zohran Mamdani e’lon qildi.
Avvalroq OAV chiptalar sotuvi qayta tiklangach, FIFA final o‘yini narxini 10 990 dollargacha oshirgani haqida xabar bergan edi. 11-iyun kuni Mexikoda o‘tadigan Meksika va JAR o‘rtasidagi ochilish uchrashuvi chiptalari esa hozirda 2 985 dollardan taklif etilmoqda (bunga qadar narxlar 2 355 dollar edi).
“Ming nafar Nyu York aholisi 50 dollar evaziga chipta xarid qiladi va avtobusda bepul borib-kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nyu York boshqalarga o‘rnak bo‘layotganidan faxrlanaman”, dedi Mamdani.
Bir kishi ikkitadan chipta sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. G‘oliblar 25-may kuni start oladigan lotereya orqali aniqlanadi. Ushbu dastur guruh bosqichining beshta va pley-offning ikkita uchrashuvini qamrab oladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Shuningdek, u bir vaqtning o‘zida uchta mamlakat — AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan birinchi turnir bo‘ladi. Musobaqa 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi.








