Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Buxoro shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 11-aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Tashrif doirasida Buxoro shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni kengaytirish, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya yo‘nalishlarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi. Tashrif doirasida tarixiy obidalarni birgalikda ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati hamda mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish ham rejalashtirilgan.
Bugun esa davlat rahbari Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.








