Daryo

Pokiston Eron “qaltis yo‘ldan” borayotgani haqida ogohlantirdi

Tehron Saudiya Arabistonidagi Amerika kompaniyalari bilan bog‘liq sanoat obyektlariga zarba berdi. Islomobod rasmiysiga ko‘ra, bu AQSH bilan ehtimoliy kelishuvni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish11 923 ko‘rishlar0 izoh8

Eronning Saudiya Arabistonidagi Amerika kompaniyalari bilan bog‘liq sanoat obyektlariga 7-aprel kuniga o‘tar kechasi yo‘llagan zarbalari tinchlik muzokaralarini barbod qilishi mumkin. Bu haqda Pokiston xavfsizlik xizmatidagi manbalar ma’lum qildi.

Yuqori martabali razvedka mulozimining ta’kidlashicha, agar Saudiya Arabistoni ushbu hujumga javob qaytarsa, muzokaralar butunlay to‘xtatiladi. Bundan tashqari, javob zarbalari ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa bitimi sababli Pokistonni ham urushga tortishi mumkin.

Yana bir manba Eron hozirda “yupqa muz ustida ketayotgani” (o‘ta xavfli vaziyatda ekani) va kelgusi 3-4 soat muloqotning kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini bildirdi.

Muzokaralarda boshi berk ko‘cha

Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik takliflari bo‘yicha asosiy vositachi hisoblanadi. Reuters agentligining yozishicha, hozircha tomonlar o‘rtasida murosadan darak yo‘q.

“Biz eronliklar bilan aloqadamiz. Oxirgi vaqtlarda ular muzokaraga kirishishga tayyorligini va biroz yumshaganini ko‘rsatishdi. Lekin shu bilan birga, ular o‘z shartlarini qat’iy qo‘yib, buni muzokaralar uchun majburiy shart deb hisoblamoqda”, dedi Pokiston xavfsizlik xizmati vakili.

Reuters agentligiga 7-aprel kuni bayonot bergan yuqori martabali eronlik manba Tehron vositachilar orqali yetkazilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, doimiy tinchlik bo‘yicha muzokaralar faqat AQSH va Isroil zarbalarni to‘xtatib, ularni qayta boshlamaslikka kafolat berganidan va yetkazilgan zararni qoplab berganidan keyingina boshlanishi mumkin.

CNN telekanali ham Pokistondagi manbalariga tayanib Saudiya Arabistonining hayotiy muhim infratuzilmasiga qilingan hujum muzokaralar muvaffaqiyati ehtimolini pasaytirganini xabar qildi. Islomobod Ar Riyodning javob qaytarishidan “juda xavotirda”.

7-aprelga o‘tar kechasi Eronning Fars nashri Saudiya Arabistonidagi neft-kimyo korxonalari joylashgan Jubayl sanoat zonasida portlashlar va ko‘plab zarbalar bo‘lgani haqida xabar berdi. Ar Riyod esa 7 ta ballistik raketani tutib olganini, ularning parchalari energetika obyektlari yaqiniga tushganini da’vo qildi.

AQSH prezident Donald Tramp avvalroq Eronga 48 soatlik muddat berib, shu vaqt ichida kelishuvga erishishga chaqirdi. Aks holda u mamlakatga “do‘zax azobi”ni ko‘rsatishga va’da berdi. Ultimatum muddati O‘zbekiston vaqti bilan 8-aprel kuni tonggi sota 05:00 atrofida tugaydi.

“Bugun kechasi butun bir sivilizatsiya o‘ladi va hech qachon tiklanmaydi. Men bunday bo‘lishini xohlamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social’dagi sahifasida.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar