AQSH prezidenti Donald Tramp Yaman husiylari Qizil dengizda Saudiyaning ikkita neft tankeriga zarba berganidan so‘ng Eron va uning ittifoqchisi husiylarga nisbatan “yirik harbiy jazo” qo‘llashga va’da berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bu hujum Yaqin Sharqdagi urushni ikkinchi muhim dengiz yo‘liga ham yoyib yubordi. Oqibatda boshqa bir dengiz yo‘lining ham to‘silib qolishi xavfi paydo bo‘ldi. Bular ortidan jahonda neft narxi urush davridagi eng keskin ko‘tarilishlardan birini boshdan kechirdi. Brent markali neft narxi 6 foizdan ko‘proqqa qimmatlab, may oyidan beri birinchi marta bir barreliga 100 dollardan oshib ketdi.
Urushni tugatishi kerak bo‘lgan vaqtinchalik sulh amalda buzilganiga ikki hafta bo‘ldi. AQSH harbiylari 24-iyulga o‘tar kechasi Eronga havo zarbalari berdi. Bu ketma-ket 13-kecha amalga oshirilgan hujum bo‘ldi. Bunga javoban Eron AQSH bazalariga mezbonlik qilayotgan qo‘shni arab davlatlariga qarata o‘t ochdi.
Eron davlat OAVning xabar berishicha, 23-24-iyul kunlaridagi raketalar Hormuz bo‘g‘ozidagi Qeshm oroliga kelib tushgan. Deyarli yopilib bo‘lgan ushbu suv yo‘li beshinchi oyga o‘tgan urushning markazi bo‘lib qolmoqda.
Bu urush mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi va global iqtisodiy inqiroz xavfini oshirdi. IRIB telekanalining ma’lum qilishicha, AQSHning Eronning Ahvaz shahriga bergan raketa zarbasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va besh kishi jarohatlangan.
“Eron hali yetarlicha og‘riqni his qilmadi”
Husiylar 23-iyul kuni ikkita tankerga zarba berganidan so‘ng Tramp kelgusidagi har qanday hujumlar uchun Eronni javobgar qilishini aytdi. Yaman shimoli va g‘arbini nazorat qiluvchi husiylar Saudiya Arabistoniga nisbatan dengiz blokadasini joriy etganini bildirdi. Saudiya esa Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadasini aylanib o‘tish uchun har kuni millionlab barrel neftni quvurlar orqali Qizil dengizga yo‘naltirib kelayotgan edi.
“Agar ular buni yana takrorlasa, AQSH Eronni javobgar deb biladi. Chunki husiylar Eronning proksi kuchidir. Eron va, albatta, husiylarning o‘ziga nisbatan yirik harbiy jazo qo‘llanadi”, deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
U Axios nashriga bergan intervyusida Eronda yirik harbiy operatsiyalarni qayta boshlashni ko‘rib chiqayotganini va bu borada yakuniy qarorga yaqinligini aytdi.
“Ular hali yetarlicha og‘riqni his qilishgani yo‘q”, deya Tramp so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.
Tramp ijtimoiy tarmoqda yuk kemalariga yetkazilgan har qanday zararlar AQSHda muzlatib qo‘yilgan “Eron pullari” hisobidan qoplanishini aytdi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X platformasida bu ogohlantirishga javob berdi. U boshqa millatning aktivlarini kelgusidagi da’volar uchun musodara qilish xavfli pretsedent ekanini ta’kidladi.
24-iyul kuni u hukumatlar bunday musodarani odatiy holga aylantirsa, hech kimning mulki xavfsiz bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, bundan kelib chiqadigan tartibsizlik “chiroyli yoki tinch” bo‘lmaydi.
Husiylarning hujumlari Bob al-Mandeb (“Ko‘z yoshlar darvozasi”) bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi mumkin. Ushbu bo‘g‘oz Qizil dengizdan Hind okeaniga chiqishni nazorat qiladi va Hormuz bo‘g‘ozidan keyin energetika tashuvlari uchun ikkinchi eng muhim yo‘l sanaladi.
Qizil dengizda blokada e’lon qilinganidan beri bir nechta tankerlar Bob al-Mandebdan qochish uchun yo‘nalishini o‘zgartirdi. Ular Suvaysh kanali orqali shimolga qarab yo‘l oldi. Bu esa osiyolik xaridorlarga yetib borish uchun Afrika atrofini aylanib o‘tadigan ancha uzun va qimmatroq yo‘ldan foydalanishni anglatadi. Kuni kecha Eron Yaman husiylariga harbiylar va raketalar yetkazib bergani haqida xabar berilgandi.








