Daryo

Rossiya Eronni kiberyordam va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan ta’minlamoqda — Ukraina razvedkasi

Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari Yaqin Sharqdagi 11 ta davlat hududida kuzatuv olib borgan. Jami 50 ga yaqin obyekt, jumladan, AQSH harbiy bazalari, aeroportlar hamda neft konlari suratga olingan.

2 daqiqa o‘qish4 307 ko‘rishlar0 izoh7

Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlar va o‘ta muhim hududlarning batafsil tasvirlarini tushirib, Eronga AQSH kuchlari hamda boshqa nishonlarga zarba berishda yordam bermoqda. Bu haqda Ukraina razvedkasi hisobotiga tayanib Reuters xabar berdi.

Razvedkaga ko‘ra, Rossiya va Eron xakerlari kiberfazoda ham faol hamkorlik qilmoqda. Bu ma’lumotlar Isroil va AQSH 28-fevralda o‘z amaliyotlarini boshlaganidan buyon Rossiyaning Eronga ko‘rsatayotgan maxfiy yordami haqidagi eng batafsil dalildir.

Ukrainaliklarning hisobotiga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari 21-martdan 31-martgacha bo‘lgan davrda Yaqin Sharqdagi 11 ta davlat hududida kamida 24 marta kuzatuv olib borgan. Jami 46 ta obyekt, jumladan, AQSH va boshqa davlatlarning harbiy bazalari, aeroportlar hamda neft konlari suratga olingan.

Kuzatuvdan bir necha kun o‘tgach, ushbu harbiy bazalar va shtab-kvartiralar Eronning ballistik raketalari hamda dronlari nishoniga aylangan. G‘arb harbiy manbalari ham mintaqada Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarining faolligi oshganini va tasvirlar Eron bilan bo‘lishilganini tasdiqlagan.

Saudiya Arabistoni hududi to‘qqiz marta kuzatilgan, shundan beshtasi “Qirol Xolid” harbiy shaharchasi ustida amalga oshirilgan. Bundan maqsad — AQSHda ishlab chiqarilgan THAAD havo hujumidan mudofaa tizimi elementlarini aniqlash bo‘lgan.

Turkiya, Iordaniya, Kuvayt va BAA hududlari ikki martadan, Isroil, Qatar, Iroq, Bahrayn hamda “Diyego-Garsiya” harbiy-dengiz bazasi bir martadan suratga olingan. Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari, shuningdek, jahon neft va suyultirilgan gaz oqimining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini ham faol kuzatuvga olgan.

O‘tgan hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshi Saudiya Arabistonidagi “Shahzoda Sulton” aviabazasini suratga olgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, 27-martda Eron ushbu bazaga zarba bergan va AQSHning o‘ta murakkab E-3 Sentry AWACS samolyotini ishdan chiqargan. 28-mart kuni esa Rossiya sun’iy yo‘ldoshi zarba oqibatlarini baholash uchun yana o‘sha hudud ustidan uchib o‘tgan.

Kiberkooperatsiya va xakerlik hujumlari

Fevral oyi oxiridan buyon Eron nazoratidagi xakerlik guruhlari Fors ko‘rfazidagi telekommunikatsiya kompaniyalari va muhim infratuzilmalarga hujumlarni kuchaytirgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Rossiyaning Z-Pentest Alliance, NoName057(16) va DDoSia Project guruhlari Eronning Handala Hack guruhi bilan Telegram orqali hamkorlik qilmoqda. Xususan, mart oyida rossiyalik xakerlar Isroil infratuzilma obyektlarini boshqarish tizimlariga kirish parollarini e’lon qilgan, eronlik hamkorlari esa hujumlar haqida ogohlantirish bergan.

Oq uy matbuot kotibi Oliviya Uels Eronga ko‘rsatilayotgan har qanday tashqi yordam AQSHning operatsion muvaffaqiyatiga ta’sir qilmasligini bildirdi. Rossiya mudofaa vazirligi va Eron tashqi ishlar vazirligi hozircha ushbu ma’lumotlar yuzasidan izoh bermadi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa Rossiya yordamini ahamiyatsiz deb atab, ayblovlarni rad etgan.

Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy aloqalar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng keskin kuchaydi. 2025-yilning yanvar oyida ikki davlat o‘rtasida “Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi” shartnoma imzolangan bo‘lib, uning 4-moddasida xavfsizlik xizmatlari o‘rtasida tajriba va ma’lumot almashish ko‘zda tutilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar