Daryo

Eron Rossiyaga qariyb 3 mlrd dollarlik raketalar yetkazib bergan – Bloomberg

Rossiya 2021-yil yakunidan buyon Eron qurol-yarog‘lari uchun 4 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Raketalar, dronlar va artilleriya snaryadlari shular jumlasidan.

1 daqiqa o‘qish5 298 ko‘rishlar0 izoh1

Rossiya Erondan 2,7 milliard dollarga ballistik va zenit raketalari sotib olgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘zining xavfsizlik idoralaridagi manbalariga tayanib ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi hamkorlik rus armiyasi Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan oldinroq boshlangan. Aniqroq aytganda, tomonlar qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni 2021-yilning oktyabr oyidayoq imzolagan.

Kelishuvlar doirasida Rossiya ittifoqchisidan yuzlab qisqa masofali Fath-360 ballistik raketalari, yaqin masofaga mo‘ljallangan qariyb 500 ta ballistik raketa, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 200 ga yaqin zenit raketalar sotib olgan. Bundan tashqari Eron Rossiyaga millionlab o‘q-dorilar va artilleriya snaryadlari yetkazib bergan.

Foto: Eronning Fath-360 ballistik raketa tizimlari
Foto: Army Recognition

Shu bilan birga, tomonlar 2023-yil boshida dronlar bo‘yicha 1,75 milliard dollarlik shartnoma imzolagan. Uning doirasida rus muhandislari Shahed-136 kamikadze dronlari hamda ularni ishlab chiqarish texnologiyasini qo‘lga kiritgan. Natijada Rossiya Eron dronlarini “Geran-2” nomi bilan ishlab chiqara boshlagan.

Bloomberg manbasiga ko‘ra, Moskva 2021-yil oxiridan buyon Eron qurollarini sotib olish uchun 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Ammo bu hammasi emas, Rossiya ittifoqchisidan qurol-yarog‘larning yangi partiyasini qabul qilib olishi kutilmoqda.

Rossiya—Eron munosabatlari

Moskva hamda Tehron Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlangan 2022-yil fevralidan so‘ng munosabatlarini qalinlashtirdi. Moskva G‘arb bilan qarama-qarshilik fonida Eron bilan yaqinlashib, xalqaro sanksiyalar ta’sirini yumshatishga harakat qilmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi aloqalar harbiy hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi.

Rossiya Ukrainaga qarshi qo‘llayotgan “Geran-2” droni
Foto: Calibre Defence

Bundan tashqari, ittifoqchilar Kaspiy dengizi orqali Hindistonga savdo yo‘lagi ochishni, shuningdek, sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun moliyaviy munosabatlarni kuchaytirishni reja qilgan. Rossiya hamda Eron 2025-yil yanvarida imzolagan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim qator yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar