Daryo

Rossiya gaz narxini oshirsa, Armaniston KXSHT va YIIdan chiqib ketadi

Armaniston parlamenti spikeri tovarlar narxining oshishi boshqa tuzilmalardan ham chiqishga sabab boʻlishini aytdi.

2 daqiqa o‘qish5 141 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiya gaz narxini oshirsa, Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YII) chiqadi. Bu haqda Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan ma’lum qildi.

Spiker bunday vaziyat yuz berishiga ishonmasligini aytdi.

“Masalan, tovarlar va gaz narxi bilan bog‘liq bu kabi gaplar yangilik emas va uzoq yillardan beri aytib kelinadi. Shuni ta’kidlashim kerakki, agar shunday qaror qabul qilinsa (Armaniston uchun gaz narxini oshirish to‘g‘risida), Armaniston o‘z qarorini qabul qiladi hamda KXSHT, YII va boshqa tuzilmalardan uzil-kesil chiqib ketadi.


Lekin ish bu darajaga yetib bormaydi deb o‘ylayman, chunki ikki davlat rahbarlari o‘rtasida juda yaxshi va samarali suhbat bo‘lib o‘tganini bilaman”, dedi Alen Simonyan brifingda.

U Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Moskvadagi uchrashuvini nazarda tutgan. Parlament spikeriga ko‘ra, bunday masalalar odatda davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq muloqotda kamdan-kam muhokama qilinadi.

“Bu muzokaralar ijobiy jihatlarni ham o‘z ichiga olgan <...>. Men avval ham aytganman va yana takrorlayman: biz Rossiyaga qarshi hech narsa qilmaganmiz, qilmayapmiz va qilish niyatimiz ham yo‘q. Lekin ayni vaqtda biz Armaniston manfaatlarini himoya qilmoqdamiz va bu davom etadi”, degan u.

2024-yil fevral oyida bosh vazir Nikol Pashinyan Armanistonning KXSHTdagi ishtiroki muzlatilganini e’lon qilgandi. May oyida esa Armaniston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat tashkilot ishini moliyalashtirishdan bosh tortishini bildirgan. 2025-yilning yanvar oyida Armaniston Tashqi razvedka xizmati ommaviy hisobotni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, mamlakat yaqin kelajakda KXSHTda to‘laqonli ishtirok etishga qaytish niyatida emas.

Rossiya va KXSHT bilan munosabatlardagi kelishmovchilik Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar to‘qnashuvlardan so‘ng, Yerevan ittifoqchilardan yordam so‘rab rasman murojaat qilganida yuzaga keldi. Biroq, Moskva ustun rol o‘ynaydigan tashkilot faqat “xavotir” va “ta’ziya” bildirish bilan cheklandi. Shundan so‘ng Pashinyan KXSHTni Yerevanga yordam ko‘rsatmagani uchun bir necha bor tanqid qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar