Rossiya Federatsiyasi veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati (“Rosselxoznadzor”) 2026-yil 3-iyundan boshlab Armanistondan kartoshka, baqlajon, urug‘li mevalar (olma, nok, behi) va quritilgan mevalar importini taqiqladi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Rossiya orqali YOII (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi)ning boshqa davlatlariga tranzit qilinishi ham taqiqlandi. Bunga “ushbu davlatlar tomonidan karantin ostidagi mahsulotlar qabul qilinganini tasdiqlovchi mexanizmlar yo‘qligi” sabab qilib ko‘rsatildi.
Cheklovlar noma’lum muddatga joriy etilmoqda. Ular yuborilayotgan tovarlar xavfsizligini ta’minlashning tegishli algoritmi ishlab chiqilgunga qadar amalda bo‘ladi. “Rosselxoznadzor” Armaniston Iqtisodiyot vazirligi haqida ham bayonot berdi. Unda aytilishicha, vazirlik “tuzilmaviy muammolarga duch kelmoqda va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini nazorat qilish majburiyatini bajara olmayapti”.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan eksportda “adolatsiz to‘siqlarga” duch kelayotgan ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarga yordam qilishga va’da berdi. U hukumat subsidiya va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirishini ta’kidladi. Shuningdek, zarar ko‘rganlarga yangi bozorlar topishda yordam berishini aytdi.
“Garmdori buzilmoqda, gullar so‘limoqda. Hukumat buning uchun pul to‘laydi. Ammo bularning barchasi natijasida Armanistonda garmdori yetishtirish ko‘payadi va eksport ham ortadi”, deya Pashinyan so‘zlarini keltirdi Armenpress.
Bundan oldin ham Rossiya Armanistondan bir qator tovarlar importini taqiqlagandi. Ular orasida gullar, “Jermuk” mineral suvi, sabzavotlar (jumladan, bodring, qalampir, pomidor), ko‘katlar, shaftoli, qulupnay va baliq bor.
Shuningdek, Rossiya Armaniston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini davom ettirsa, tabiiy gaz, neft mahsulotlari va olmoslarni mamlakatga bojxona to‘lovisiz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bir tomonlama to‘xtatishi yoki bekor qilishi mumkinligi bilan ogohlantirgan edi.
Ushbu taqiqlar Armanistonda 7-iyunga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rilayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, bu paytda Yerevan G‘arb davlatlari va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashmoqda.
“Rossiya va uning YOIIdagi ittifoqchilari Armanistondan ittifoqqa a’zolik bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qildi. Pashinyan esa buni rad etdi”, deyiladi xabarda.
Rossiya 30-may kuni Yerevandagi elchisini chaqirtirib olgandi. Bunga Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlashga urinayotgani sabab bo‘lgan. Moskvaning bildirishicha, Yerevan va Bryusselning yaqinlashishi Armanistonning Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy blokga a’zoligiga putur yetkazishi mumkin.








