Angliya Kubogining chorak final bosqichi doirasida kechgan markaziy bahsda “Manchester Siti” o‘z maydonida “Liverpul”ni qabul qilib, 4:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mazkur natija nafaqat jamoani yarim finalga olib chiqdi, balki musobaqa tarixida qariyb 1,5 asrdan buyon o‘zgarmay kelayotgan natijaning yangilanishiga ham sabab bo‘ldi.
Gap shundaki, “shaharliklar” ushbu turnir doirasida o‘z uyidagi ketma-ket g‘alabalar sonini 18 taga yetkazib olishdi. Shu tariqa, ular 1873-yildan 1881-yilga qadar o‘z maydonida ketma-ket 17 ta o‘yinda zafar quchgan “Klepem Rovers” klubining tarixiy natijasini yangiladi.
“Siti”ning o‘z maydonidagi bu zafarli yurishi 2017-yilning fevralidan buyon davom etib kelmoqda. Shu bilan birga, “Siti” Angliya Kubogining yarim final va finaldan boshqa barcha bosqichlarida ketma-ket 32 ta o‘yindan buyon faqat g‘alaba qozonib kelmoqda.
E’tiborlisi, ushbu tarixiy g‘alabaga o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham munosib hissa qo‘shdi. Uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan futbolchi o‘yin yakuniga qadar maydonda harakat qildi. O‘yindan keyin Sofascore portali o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini 7,4 ball bilan baholadi.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Manchester Siti” safida jami 30 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Eslatib o‘tamiz, Angliya Kubogining yarim final qur’asi 5-aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.








