“Barselona” qanot himoyachisi Jyul Kunde faoliyatini boshqa chempionatda davom ettirishi mumkin. Mundo Deportivo nashrining xabar berishicha, fransiyalik futbolchiga “Liverpul”, “Manchester Siti” va “Chelsi” kabi grand jamoalar qiziqish bildirmoqda.
Gap shundaki, “Liverpul” himoyachisi Jeremi Frimpong ko‘proq hujumkor harakatlarga moyil. Shu sababli klub himoya chizig‘idagi muvozanatni saqlash uchun aynan Jyul Kundeni sotib olmoqchi. Manbaning ta’kidlashicha, “qizillar” ushbu transfer uchun taxminan 80 million yevro to‘lashga tayyor.
Kataloniyaliklar Kundeni jamoada olib qolishni istamoqda, biroq iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yaxshiroq taklif tushsa, uni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Agar transfer amalga oshsa, “ko‘k-anorranglilar” tushgan mablag‘ni boshqa xaridlarga yo‘naltiradi. Klubning ro‘yxatidan “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvares va “Inter” himoyachisi Alessandro Bastoni joy olgan.
Kundening o‘rniga esa Joau Kanselu bilan kelishuvni uzaytirish yoki “Yuventus” himoyachisi Andrea Kambyasoni sotib olish variantlari ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Kunde 2022-yildan buyon “Barselona” sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsum futbolchi klub tarkibida jami 40 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 4 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2030-yilga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali uning qiymatini 65 mln yevroga baholamoqda.








