Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi joriy mavsum yakunida “Liverpul”ni tark etishi kutilayotgan argentinalik futbolchi Aleksis Makallister uchun kurashga qo‘shilgan. Mirror nashrining xabar berishicha, transferga shaxsan klub xo‘jayinlaridan biri Jim Retkliff qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.
Biroq ushbu kelishuvning amalga oshishi jamoaning joriy mavsumdagi natijalariga bog‘liq. Manbaning ta’kidlashicha, agar “Yunayted” Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, Makallister darajasidagi futbolchini jamoaga jalb qilish imkoniyati deyarli yo‘q. Shuningdek, agarda tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy yakunlansa, bu so‘nggi 60 yil ichida ikki azaliy raqib o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri transfer bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Aleksis Makallister joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida jami 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol hamda 4 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali 27 yoshli argentinalik yarim himoyachining bozor qiymatini 85 million yevroga baholamoqda. Futbolchining “Liverpul” bilan tuzgan shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar amal qiladi.








