3-aprel kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov hayoti va sportdagi yutuqlariga bag‘ishlangan “Tokioga yo‘l” badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Film Yangi O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda yuqori natijalarga erishish yo‘lida shakllanayotgan muhitni ochib beradi. Shu bilan birga, u mamlakat imijini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim milliy kontent sifatida e’tirof etilmoqda.
Sahnalashtiruvchi rejissyor Akrom Isakov film orqali milliy yutuqlarni dunyoga to‘g‘ri yetkazish muhimligini ta’kidladi.

“Bizni butun dunyo tan oldi. Bugun hatto buyuk davlatlar ham o‘zbeklar haqida boshqacha bir hayrat bilan gapirishmoqda. Endi bu yutuqlarni film orqali butun dunyoga yetkazishimiz kerak. Filmning yo‘nalishi boshqa, targ‘iboti esa yanada kuchli bo‘lishi kerak. Millatning cho‘qqiga ko‘tarilishi uchun oilada mehr-oqibat va milliy qadriyatlar e’tibordan chetda qolmasligi zarur”, dedi Isakov.
U, shuningdek, prezidentimizning yurtimiz madaniyati va sportiga qaratgan e’tiboriga minnatdorchilik bildirdi. “Yosh avlod uchun namuna bo‘ladigan bunday loyihalar ularni yuqori natijalarga intilishga ilhomlantiradi”, dedi rejissyor.

Tashkilotchilarga ko‘ra, mazkur loyiha milliy kontent sifatida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi. Film namoyishlarini xorijda, jumladan, Yaponiyada o‘tkazish, shuningdek, onlayn platformalar orqali keng auditoriyaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali o‘zbek sporti va madaniyatining dunyo miqyosidagi obro‘sini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Film ustida tajribali ssenariynavislar, rejissyor va operatorlardan iborat jamoa ishlagan. Kartinada mahalliy va xorijiy aktyorlar ishtirok etib, bosh qahramon obrazini chuqur va ta’sirchan yoritishga erishilgan. Shu bilan birga, film tomoshabinga Bahodir Jalolovning nafaqat sportdagi, balki hayotiy kurashlarini ham his qilish imkonini beradi.

Film ijodkorlari:
- Ssenariy mualliflari: S. Kuzminih, N. Narzullayev, S. Abbosov;
- Sahnalashtiruvchi rejissyor: Akrom Isakov;
- Sahnalashtiruvchi operatorlar: H. Aliyev, B.Yo‘ldashev, A. Aleynikov, J.Abdurahmonov, B.Berdiyev;
- Sahnalashtiruvchi rassom: D. Abduraxmonov;
- Montaj ustasi: M. Nasulloyev.
- Filmda asosiy rollarni Dadaxon Obidov, Saida Rametova, Boir Xolmirzayev, Filip Reynxard, Osamu Yamomoto, Masaya Kato, Kaan Yalchin, Mariya Shamshina, Richard Li Uilson, Erkin Komilov, Javohir Zokirov, Behzod Muhammadkarimov, Farhod Boltayev, Gulruh Pirnazarovalar ijro etgan.








