Daryo

“Hind Rajabning ovozi”ga 23 daqiqa qarsak: G‘azo fojiasi haqidagi film Venetsiyada yuksak baholandi

Film voqealarida falastinlik 5 yoshli qizcha oilasi bilan birga G‘azodan qochib ketishga urinib, Isroil harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgan

2 daqiqa o‘qish3 352 ko‘rishlar0 izoh6
82-Venetsiya kinofestivali doirasida Isroilning G‘azo sektoridagi tajovuzi oqibatida halok bo‘lgan besh yashar qizaloqning fojiali hikoyasini haqidagi filmning premyerasi bo‘lib o‘tdi.

U festivalning “eng kuchli va dolzarb asari”, deb topildi. “Bu ovoz – so‘nggi ikki yil ichida Gʻazoda halok bo‘lgan 19 ming boladan biridir”, deydi film ijodkorlari. 


“Hind Rajabning ovozi” nomli kartina tunislik rejissyor Kauser Ben Haniya tomonidan suratga olingan. Ijodiy guruhda Bred Pitt, Jonatan Gleyzer, Xoakin Feniks va Alfonso Kuaron ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etgan.

Foto: Getty Images
Film 2024-yil yanvarda Gʻazo vayronalari ichida mashinada qamalib qolgan Hind Rajabning so‘nggi, iztirobli qo‘ng‘irog‘ini qayta tiklaydi. Qarindoshlarining jasadlari yonida faqat u tirik qolgan edi. O‘rindiq ostida yashiringan Hind Rajab Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatiga qo‘ng‘iroq qiladi. Ammo qizaloq ham, uni qutqarishga chiqqan shifokorlar ham isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirildi. Isroil armiyasi bu ish yuzasidan rasmiy tergov e’lon qilmagan.

Foto: BBC
“Men Hind Rajabning ovozini ilk marta eshitganimda, bu Gʻazoning o‘zi yordam so‘rayotgandek ovoz edi – ammo hech kim unga yetib bora olmadi”, deydi Ben Xaniya.

Aktrisa Saja Kilani butun film jamoasi nomidan shunday dedi: “Hind Rajabning ovoziga bizning himoyamiz kerak emas. Bu film na fikr, na xayol. Bu haqiqatga asoslangan”.

Foto: Al-Jazeera

“Bu ovoz – yashash, orzu qilish, qadr-qimmat bilan mavjud bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan har bir ona, ota, shifokor, o‘qituvchi, rassom, jurnalist, volontyor va feldsherning ovozi. Bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda o‘g‘irlandi. Va bu faqat biz bilgan ovozlar. Har bir raqam ortida hech qachon aytib berilmagan hikoya bor”, deydi u.

Filmni tarqatish huquqiga Wonder Pictures kompaniyasi ega.

Kartina dunyo kinosining eng nufuzli mukofotlaridan biri — Venetsiya kinofestivalining bosh sovrini “Oltin sher” uchun da’vogar hisoblanadi. Film namoyishi tomoshabinlar va tanqidchilar orasida katta hayajon va hissiy reaksiya uyg‘otdi.

Jizzaxdanman. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti teleradio jurnalistikasi yo‘nalishini bitirganman. “Daryo”da 2025-yildan beri muxbir lavozimida ishlayman va turli xil yo‘nalishda reportajlar, intervyular tayyorlayman hamda ularni saytga xabar qilib beraman. Har yili “Fantomas” filmini takror ko‘raman. “Mehrobdan chayon” (Abdulla Qodiriy publitsistikasi) ni sevib mutolaa qilaman.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar