Zilzila — inson irodasiga bo‘ysunmaydigan, soniyalar ichida ulkan talafotlar keltirishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofat. Biroq statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, jarohatlarning aksariyati bevosita yer qimirlashidan emas, balki vahima natijasidagi noto‘g‘ri harakatlar va binolardagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi oqibatida kelib chiqadi.
Kuchli zilzila paytida nima qilish kerak?
1. Birinchi qoida: “Yot, Himoyalan, Kut”
Zilzila boshlanganda xonadan yugurib chiqishga urinish eng katta xatodir. Kuchli silkinish paytida muvozanatni yo‘qotib yiqilish va jiddiy jarohat olish ehtimoli yuqori. Shuning uchun dunyo bo‘ylab tan olingan ushbu algoritmni bajaring:
Polga yotib oling: Darhol tizzalaringiz va qo‘llaringizga tayanib yerga yoting. Bu holat sizni yiqilishdan saqlaydi va zarur bo‘lsa, xavfsizroq nuqtaga emaklab o‘tish imkonini beradi.
Himoyalaning: Mustahkam stol, parta yoki karavot ostiga kiring. Agar yaqin atrofda bunday pana joy bo‘lmasa, eshik kesakisi tagiga turib oling. Boshingiz va bo‘yningizni qo‘llaringiz bilan mahkam berkiting.
Kuting: Silkinishlar to‘xtaguncha pana joydan chiqmang. Agar stol ostida bo‘lsangiz, Stolning oyog‘idan mahkam ushlab turing, chunki silkinish paytida stol joyidan siljib ketishi mumkin.

2. Bino ichidagi xavfsiz hududlarni aniqlang
Zilzila paytida binoning qayerida bo‘lishingiz hal qiluvchi ahamiyatga ega:
Xavfsiz joylar: Yuk ko‘taruvchi (asosiy) devorlar va ustunlar tutashgan burchaklar, mustahkam eshik kesakilari.
Xavfli joylar: Derazalar (shisha parchalari tegishi mumkin), tashqi devorlar, balkonlar, liftlar va zinapoyalar.
Oshxona: Bu joy eng xavfli hisoblanadi, chunki u yerda osma shkaflar, gaz plitasi va sinuvchan idishlar ko‘p.

3. Ko‘chada ochiq hududlarga boring
Bino tashqarisida bo‘lish nisbatan xavfsizroq, biroq bu yerda ham o‘z qoidalari bor:
Ochiq maydonga intiling: Binolardan kamida ularning balandligiga teng masofada uzoqlashing. Shisha parchalari, reklama shitlari va bino bo‘laklari uzoq masofaga uchishi mumkin.
Elektr liniyalaridan qoching: Uzilgan simlar hayot uchun o‘ta xavfli.
Avtomobilda: Agar rulda bo‘lsangiz, mashinani binolar, daraxtlar va ko‘priklardan uzoqroqda to‘xtating. Silkinish tugaguncha mashina ichida qoling — u sizni shikastlovchi jismlardan himoya qiladi.
4. Zilziladan keyingi harakatlar: Evakuatsiya
Silkinish to‘xtashi bilan bino ichida qolish xavfli, chunki takroriy silkinishlar (aftershoklar) zaiflashgan binoni qulatishi mumkin.
Kommunikatsiyalarni uzing: Imkon bo‘lsa, gaz, elektr va suvni o‘chiring. Hech qachon gugurt yoki zajigalkadan foydalanmang (gaz sizib chiqqan bo‘lishi mumkin).
Zinadan foydalaning: Faqat zinapoya orqali pastga tushing, liftdan aslo foydalanmang.

“Favqulodda holat sumkasi”: Ichida hujjatlar, suv va birinchi yordam dori-darmonlari bo‘lgan sumkani oldindan tayyorlab qo‘ying. Zilzila va boshqa favqulodda vaziyatlarda vaqtdan tejshga yordam beradi.
Xabardor bo‘ling: Radio yoki telefon orqali rasmiy xabarlarni kuzating.
5. Vayronalar ostida qolib ketganda nima qilish kerak?
Eng muhimi — umidni uzmaslik va vahimaga berilmaslik:
Nafasni asrang: Chang yutmaslik uchun og‘iz-burningzini kiyim bilan yoping.
Harakatni cheklang: Ortiqcha harakat chang ko‘taradi va kislorod sarfini oshiradi.
Ovoz bering: Baqirish o‘rniga quvurlarga yoki devorga urib ovoz chiqaring. Baqirishni faqat qutqaruvchilar ovozini yaqin masofadan eshitganingizda boshlang.

Ehtimoliy zilzilalarga qanday tayyorlanish kerak?
Zilzila sodir bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi, lekin unga tayyor turish mumkin:
Mebellarni mahkamlang: Og‘ir shkaflar va javonlarni devorga yashilab qotiring.
Xavfsiz joyni aniqlang: Oilangiz bilan uyning qaysi nuqtasi xavfsiz ekanini kelishib oling va mashq qiling.
Zaxira tayyorlang: Kamida 3 kunga yetadigan suv va oziq-ovqatlar hamda hujjatlar solingan sumkani uyingizda doimo shay saqlang.
Zilzila paytida hayot va mamot orasidagi farq ko‘pincha o‘zingizni qanday tutishingiz va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishingizga bog‘liq bo‘ladi. Ushbu qoidalarni yodda tuting va yaqinlaringizga ham o‘rgating.








