AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Eronning muhim energetika va neft infratuzilmasiga, jumladan, Xarg oroliga zarba berish bilan tahdid qildi.
Agar qandaydir sababga ko‘ra yaqin orada kelishuvga erishilmasa, ehtimol shunday bo‘ladi va Hormuz bo‘g‘ozi zudlik bilan “biznes uchun ochilmasa”, biz Erondagi mavjudligimizni ularning barcha elektr stansiyalari, neft quduqlari va Xarg orolini (ehtimol, barcha suvni chuchuklashtirish inshootlarini!) portlatib, butunlay yo‘q qilish bilan yakunlaymiz, biz ularga ataylab tegmaganmiz, deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Trampning aytishicha, AQSH Tehrondagi “yangi va aqlliroq rejim bilan” jiddiy muzokaralar olib bormoqda va allaqachon sezilarli natijalarga erishilgan.
Avvalroq u jurnalistlarga Eron vositachilar orqali yetkazilgan AQSH talablarining ko‘pchiligiga rozi bo‘lganini ham aytgandi.
Tramp Eron neftini qo‘lga kiritmoqchi
29-mart kuni AQSH prezidenti Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Eron neft sanoati ustidan nazorat o‘rnatishni xohlashini, bunday qadam Eron neftining katta qismi eksport qilinadigan Xarg orolini egallab olishni nazarda tutishini aytdi.
Balki, Xarg orolini olarmiz, balki yo‘q. Bizda ko‘plab variantlar bor. Bu, shuningdek, u yerda bir muddat qolishimizga to‘g‘ri kelishini ham anglatadi, degan u.
Tramp Eron Xarg orolini mudofaa qilmayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Menimcha, ularda hech qanday mudofaa yo‘q. Uni juda osonlik bilan egallab olamiz, deya ta’kidlagan u.
Fors ko‘rfazida joylashgan, uzunligi qariyb 8 kilometr bo‘lgan Xarg oroli Eron uchun muhim neft markazi hisoblanadi. Mamlakat neft eksportining qariyb 90 foizi shu orol orqali amalga oshiriladi. Urushning dastlabki ikki haftasida orol AQSH—Isroil hujumlaridan deyarli chetda qolgandi.
Biroq o‘tgan hafta AQSH oroldagi harbiy inshootlarni bombardimon qildi, neft eksport qilinadigan obyektlar hujumga uchramadi. Tramp agar Eron yoki boshqa davlatlar kemalarning Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishiga “qandaydir tarzda xalaqit bersa”, neft obyektlari hujumga uchrashini aytgan.








