Kenyada 6-mart kuni boshlangan kuchli yomg‘ir va buning ortidan kelib chiqqan suv toshqinlari sabab 108 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Milliy politsiya xizmatining 28-mart kuni yangilangan ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Sharqiy Afrikada joylashgan ushbu mamlakatda toshqin o‘nlab avtomashinalarni oqizib ketdi, aviaqatnovlarda jiddiy uzilishlar yuzaga keldi. Mamlakatning energetika tizimi va elektr tarmoqlariga jiddiy zarar yetdi.
Juma, 27-mart kuni rasmiylar tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 2 700 dan ortiq oila o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va ko‘chirilgan. Garchi so‘nggi kunlarda ayrim hududlarda yog‘ingarchilik intensivligi pasaygan bo‘lsa-da, politsiya aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.
“Drenaj tizimlarining to‘lib-toshgani va tuproqning suv bilan o‘ta to‘yingani sababli, suv toshqini xavfi hamon yuqoriligicha qolmoqda”, deyiladi huquq-tartibot organlari ogohlantirishida.
Dog‘istonda ham shunga o‘xshash holat yuz bermoqda. Mamlakatda kuchli yomg‘ir va shamol oqibatida aholi xonadonlarini suv bosishi, elektr va suv ta’minotida ommaviy uzilishlar yuzaga kelgan.
Maxachqal’a ma’muriyati shaharda favqulodda vaziyat rejimi joriy etilganini bildirdi. Xizmatlar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan, oqibatlar bartaraf etilmoqda va jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish tashkil etiladi.








