Polshada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar 3,6 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga jalb etishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatning mehnat resurslari salohiyatini targ‘ib qilish hamda Polsha kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazilgan. Unda Grupa Progres, Gremi Personal, Personnel International kabi 20 dan ortiq yetakchi rekruting va ish beruvchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida polshalik ish beruvchilar o‘z ehtiyojlarini ochiqladi. Xususan, logistika sohasiga 2000 nafar, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga 800 nafar, sanoat tarmog‘iga 600 nafar hamda qurilish sohasiga 200 nafar mutaxassis kerakligi qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan kompaniya va tashkilot vakillari O‘zbekistonni istiqbolli hamkor sifatida baholadi. Ularning ta’kidlashicha, Polsha iqtisodiyoti doimiy ishchi kuchiga muhtoj bo‘lib, O‘zbekiston bu borada ishonchli manba sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik ishchilarga talab yuqori ekani va viza tartiblarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda akkreditatsiyadan o‘tgan bandlik tashkilotlari ishtirokida B2B formatidagi navbatdagi muzokaralarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa fuqarolarning Polshada xavfsiz va tartibli mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni yuk yetkazib beruvchi sifatida ishga taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Yuk yetkazib beruvchi haydovchi sifatida ishlash uchun 200 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, 1200-2000 dollargacha oylik maosh beriladi.








