Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston—Tojikiston sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun 27-mart kuni Buxoro shahriga keldi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Buxoro xalqaro aeroportida davlat rahbari mamlakatda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni kutib oldi. Tantanali kutib olish marosimida oliy martabali mehmon sharafiga milliy qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Buxoroda yetakchilar tarixiy obidalarni ziyorat qiladi. Sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish ham ko‘zda tutilgan.
Tojikiston prezidentining davlat tashrifi birinchi kuni
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 26-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Uni Toshkent-Humo xalqaro aeroportida davlati rahbari kutib oldi. Tashrifning birinchi kuni oliy darajadagi muzokaralar hamda Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishdan soʻng koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etib, 10 ta qoʻshma loyihani boshlab berdi. Davlat rahbarlari “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsert dasturini birgalikda tomosha qildi.








