Daryo

Naqdsiz hisob-kitoblar: 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

2026-yil 1-apreldan e’tiboran davlat xizmatlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va yirik xaridlar uchun to‘lovlar faqat elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi.

3 daqiqa o‘qish35 545 ko‘rishlar1 izoh8

Naqd pul ishlatish amaliyoti asta-sekin kamayib, 2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligi vakillari jurnalistlar bilan media muloqot o‘tkazdi.

Foto: Videodan kadr

Uchrashuvda yangi tartib va bu jarayonga joriy etiladigan imkoniyatlar, shuningdek, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha ishlar muhokama qilindi.

Prezidentning PF-246-sonli farmoniga ko‘ra, 1-apreldan quyidagi to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun to‘lovlar;
  • spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari;
  • transport vositalariga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektr transportlarini zaryadlash xizmatlari;
  • qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

“Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish jarayonida asosiy maqsad — fuqarolar to‘lov usuli sababli xizmatdan foydalana olmay qolmasligini ta’minlashdir. Agar avtomobil egasi kartasi yonida bo‘lmasa yoki hisobida mablag‘ yetarli bo‘lmasa ham, ishini bitkazib chiqishi uchun zarur sharoit yaratiladi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari turli tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlaydi. Natijada nafaqat fuqarolarning kartadagi mablag‘lari aylanmasi, balki shoxobchalardagi to‘lovlar ham banklar uchun muhim mijoz oqimini shakllantiradi,” dedi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev.

Uchrashuvda to‘lovlar bo‘yicha tahlillar ham raqamli tizimlarning tez rivojlanayotganini ko‘rsatayotgani e’tirof etildi. Xususan, 2025-yilda transportda jami 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 36 foizga ko‘pdir. Transport kartalari orqali 213 million tranzaksiya qayd etilgan va bu ko‘rsatkich 52 foizga oshgan. Mobil ilovalar va virtual kartalar orqali to‘lovlar esa 234 foizga ko‘paygan.

​Xususan, 2025-yilda Toshkent shahrida jamoat transportida 644 milliard so‘m tushum qayd etilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 16 foizga ko‘p. Shu davrda 206 million yo‘lovchi tashilgan, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga ko‘proq. Transportda jami 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan, shundan 213 millioni transport kartalari orqali, qolganlari mobil ilovalar va virtual kartalar orqali amalga oshgan.

Bu raqamlardan kelib chiqib, naqd pulsiz tizim joriy etilgach, aholi tez va tabiiy ravishda yangi to‘lov shakliga moslashgani, eng muhimi, bu jarayon fuqarolar uchun sezilarli noqulayliklar tug‘dirmagani aytildi.

Foto: Videodan kadr

Media muloqot davomida Turonbank operatsion departament direktori Dilfuza Nazarova 1-apreldan amal qiladigan yangi tartiblar yuzasidan ma’lumot berdi:

Ko‘chmas mulk va transport vositalari bo‘yicha bitimlar endilikda naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tkaziladi. Xaridor bank orqali eskrouv hisob raqamini ochadi, bitim tasdiqlangandan so‘ng, mablag‘ sotuvchining hisob raqamiga, plastik kartasiga yoki naqd pul shaklida berilishi mumkin. Ushbu tizim oldi-sotdi jarayonida moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va firibgarlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. 1-apreldan keyin ushbu tartibga o‘tishda fuqarolar uchun hech qanday noqulayliklar yoki e’tirozlar yuzaga kelmasligiga ishonchimiz komil.

Bugungi kunda raqamli to‘lov tizimlari nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirayotgani, balki fuqarolar uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, tijorat banklarida hisob-kitoblarni ommalashtirish doirasida infratuzilmani kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ushbu jarayonga tayyorgarlik ko‘rayotgan Xalq banki tomonidan 162 ta ADM (avtomatlashtirilgan depozit mashinalari) tarmog‘i 24/7 rejimida ishga tushirilgan.

“Ushbu qurilmalar orqali barcha bank kartalarini to‘ldirish, kredit to‘lovlarini amalga oshirish hamda yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga mablag‘ kirim qilish imkoniyati mavjud. Xalq banki kartalariga mablag‘ o‘tkazishda qo‘shimcha komissiya to‘lovlari ko‘zda tutilmagan”, deydi bank vakili.

Jizzaxdanman. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti teleradio jurnalistikasi yo‘nalishini bitirganman. “Daryo”da 2025-yildan beri muxbir lavozimida ishlayman va turli xil yo‘nalishda reportajlar, intervyular tayyorlayman hamda ularni saytga xabar qilib beraman. Har yili “Fantomas” filmini takror ko‘raman. “Mehrobdan chayon” (Abdulla Qodiriy publitsistikasi) ni sevib mutolaa qilaman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar