Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 26-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Tojikiston yetakchisini Toshkent-Humo xalqaro aeroportida davlati rahbari kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Ikki kunlik tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar hamda Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Boʻlajak tadbirlar kun tartibidan Oʻzbekiston—Tojikiston doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, suv va energetika xavfsizligini taʼminlash hamda keng koʻlamli madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda koʻp tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadi.
Shuningdek, bir qator yangi qoʻshma loyihalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan, koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolanishi rejalashtirilgan.
Emomali Rahmon so‘nggi marta O‘zbekistonga 2025-yilning noyabrida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun kelgandi.








