Daryo

O‘zbekistonda birinchi AES qurilishida dastlabki beton ishlari boshlandi

Loyiha doirasida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida hujjatlar imzolanib, qurilish amaliy bosqichga o‘tdi. Stansiya ishga tushgach, yiliga 15 mlrd kVt soatdan ortiq elektr ishlab chiqarib, mamlakat ehtiyojining sezilarli qismini qoplashi qayd etildi.

2 daqiqa o‘qish6 382 ko‘rishlar0 izoh4

Jizzax viloyati Forish tumanida barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi qurilish maydonida dastlabki beton ishlari rasman boshlandi, bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi. 24-mart kuni Toshkent shahri va qurilish hududida o‘tkazilgan tantanali tadbirlar doirasida strategik hujjatlar imzolanib, loyiha amaliy bosqichga o‘tdi.

Tadbir davomida “O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom energetikasi va unga yondosh sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, shuningdek, AES qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ushbu hujjatlar loyiha bosqichlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish hamda jamoatchilik bilan ishlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Foto: “O‘zatom” agentligi

Qurilish maydonida RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli energoblok uchun beton asos tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur bosqichni 2026-yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, jami 900 kub metrga yaqin beton quyiladi. Natijada reaktor binosi uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega mustahkam poydevor yaratiladi.

Shu bilan birga, stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi bitim ham imzolandi. Unga ko‘ra, loyiha doirasida 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita yirik energoblok hamda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorli ikkita blok quriladi. AES to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga qariyb 15,4 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, O‘zbekistondagi umumiy iste’molning 15 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi.

Foto: “O‘zatom” agentligi

Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza hududda faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik yoki xavfli geologik omillar mavjud emasligini tasdiqlagan. Ijobiy xulosa maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, ekologik me’yorlar hamda texnik standartlarga mos ekanini ko‘rsatdi. Bu hujjat loyiha hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lib, keyingi qurilish ishlarini davom ettirishga zamin yaratadi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayevga ko‘ra, mazkur loyiha Shavkat Mirziyoyev nazorati ostida amalga oshirilmoqda. U atom energetikasini rivojlantirish mamlakatning energiya mustaqilligi va barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: “O‘zatom” agentligi

Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi 2026-yil yanvar oyida oxiridagi uchrashuvda O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasida (KAES) nafaqat stansiya huzurida atom shahri, balki atom klasterini yaratishni taklif qilgandi. ​Korporatsiya bosh direktori mazkur majmua “o‘zining raqamli sanoati, raqamli yechimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazi”ni talab qilishini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, 10-fevral kuni “O‘zatom” agentligida yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish o‘tkazilib, unda qator vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar hamda “Rosatom” mutaxassislari ishtirok etgandi. Uchrashuvda siklotron komplekslari, radiofarmatsevtika ishlab chiqarish va PET/KT markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, yakunda O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish strategiyasi va yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar