Daryo

Eronda urush sabab 3,2 mln kishi uysiz qoldi

BMT va Tehron rasmiylari urush oqibatlari borasida statistika e’lon qildi.

1 daqiqa o‘qish4 950 ko‘rishlar0 izoh9

AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlaganidan beri mamlakatda o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lganlar soni 3,2 million kishiga yetdi. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNHCR) 12-mart kuni ma’lum qildi.

“Harbiy harakatlar davom etar ekan, bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etishi ehtimoli yuqori. Bu gumanitar ehtiyojlarning xavfli darajada ortib borayotganidan dalolat beradi”, deyiladi UNHCR bayonotida.

Eron hukumati rasmiy vakili Fotima Mohajeraniy 12-mart kuni video intervyu e’lon qilib, unda AQSH va Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar bo‘yicha so‘nggi statistikani ochiqladi. Unga ko‘ra:

  • halok bo‘lganlarning 216 nafari ayol va 198 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirdir;
  • qurbonlarning 11 nafari 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir;
  • eng yosh qurbon — Robat Karim shahrida halok bo‘lgan 8 oylik chaqaloq, eng yosh jarohatlangan esa 4 oylik go‘dakdir.

Shuningdek, hujumlar oqibatida tibbiyot muassasalariga ham jiddiy zarar yetgan. Ma’lum qilinishicha, 21 ta tez tibbiy yordam bo‘limi shikastlangan, ulardan 3 tasi butunlay vayron bo‘lgan. Halok bo‘lgan tibbiyot xodimlari soni 12 nafarga yetgan.

Eron hukumati strategik sohalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator iqtisodiy choralar ko‘rmoqda. Xususan, oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmon e’lon qilindi. Unga ko‘ra:

  • Kredit to‘lovlarini qaytarish muddati avtomatik tarzda uzaytirildi va kechiktirildi.
  • Ustuvor ishlab chiqarish korxonalari uchun kredit limitlari oshirildi, muddati o‘tgan cheklar uchun jarimalar to‘xtatildi.
  • Import jarayonlarini tezlashtirish choralari ko‘rilmoqda: litsenziyalar avtomatik yangilanadi va muhim tovarlar SATA kodisiz bojxonadan o‘tkaziladi.
  • Tez yordam mashinalari va yo‘l qurilish texnikalari import bojlaridan ozod etildi.

Sanoat, Konchilik va Savdo vazirligiga xomashyo hamda eng zaruriy mahsulotlar zaxirasini ta’minlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqish vazifasi yuklangan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar