Daryo

BMT Hormuzda qolib ketgan yuzlab kemalarni evakuatsiya qilishga kirishdi

Suv yo‘li AQSH va Isroilning Eronga qarshi urush boshlaganidan beri yopiq. Kemalar qutqaruv rejasi hududda vaziyat yumshaganidan keyingina amalga oshirilishi aytildi.

2 daqiqa o‘qish5 036 ko‘rishlar0 izoh2

BMTga qarashli Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) Fors ko‘rfazida qolib ketgan yuzlab kemalarni evakuatsiya qilish rejasi ustida ishlamoqda. Bu kemalar AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri, ya’ni yetti haftadan ortiq vaqtdan buyon o‘sha yerda turibdi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Arsenio Domingesga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Domingesning Singapur dengiz haftaligi doirasida aytishicha, ushbu reja faqat vaziyat yumshaganidan keyingina amalga oshiriladi. Hozirda muhokama qilinayotgan reja tafsilotlariga ko‘ra, kemalar ma’lum bir tartibda hududni tark etadi.

Bunda ekipajning qancha vaqt davomida qolib ketgani va boshqa omillar hisobga olinadi. Harakatlanish uzoq vaqt oldin o‘rnatilgan yo‘nalish — “Trafikni ajratish sxemasi” bo‘yicha amalga oshiriladi. Ushbu yo‘nalish 1968-yilda Eron va Ummon tomonidan taklif etilgan va IMO tomonidan qabul qilingan.

Eron so‘nggi haftalarda o‘z qirg‘oqlariga yaqin bo‘lgan maxsus yo‘nalish tizimini ishlab chiqdi. Ayrim hollarda o‘tish uchun to‘lov talab qilinishi ham mumkin. IMO loyihani yakunlash uchun qirg‘oqbo‘yi davlatlari, jumladan, Eron va Ummon hamda bayroq davlatlari bilan aloqada.

Pokistondagi tinchlik muzokaralari

AQSH Eron bilan tinchlik muzokaralari Pokistonda davom etishiga ishonch bildirmoqda. Eronning yuqori martabali mulozimi ham Tehron bu muzokaralarga qo‘shilishni ko‘rib chiqayotganini aytdi. Biroq sulh muddati tugashi arafasida hali ham jiddiy to‘siqlar va noaniqliklar mavjud.

Urushdagi ikki haftalik sulh 22-aprel kuni tugaydi. Avvalroq Eron muzokaralarning ikkinchi raundidan bosh tortgan edi. Shunga qaramay, Reuters manbalari aynan sulh tugash kuni muzokaralar qayta boshlanishi mumkinligini aytmoqda.

“Ishlar olg‘a siljimoqda va muzokaralar ertaga reja bo‘yicha o‘tkaziladi”, dedi ismi oshkor etilmagan manba.

Agar kelishuv imzolansa, AQSH prezidenti Donald Tramp unda shaxsan yoki virtual tarzda qatnashishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bugun, 21-aprel kuni muzokaralar uchun Pokistonga jo‘nab ketadi. Eron ham mintaqaviy vositachilarga seshanba kuni Pokistonga o‘z delegatsiyasini yuborishini ma’lum qilgan. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar