Daryo

Vengriyada Ukrainaning YIga a’zo bo‘lishiga va urushni moliyalashtirishga qarshi rezolyutsiya qabul qilindi

Budapesht buni Kiyevning a’zolik talablariga mos emasligi va ittifoqning urushga tortilish xavfi borligi bilan izohladi.

2 daqiqa o‘qish4 396 ko‘rishlar0 izoh8

Vengriya Davlat assambleyasi (parlament) 10-mart kuni Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini rad etuvchi, shuningdek, Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishga qarshi qaratilgan rezolyutsiya qabul qildi.

Mazkur hujjatni 142 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 28 nafari qarshi chiqdi va 4 kishi betaraf qoldi. Rezolyutsiyada qayd etilishicha, YI yetakchilarining so‘nggi qarorlari eskalatsiya xavfini oshirmoqda va Yevropani urushga bevosita tortilishiga sabab bo‘lmoqda.

Vengriya qonunchilariga ko‘ra, Ukraina hozirda urush holatida ekani va a’zolik mezonlariga javob bermasligi sababli uning ittifoqqa qo‘shilishi butun YIni mojaroga tortadi. Shu sababli parlament hukumatni Ukraina bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlamaslikka chaqirdi.

Vengriya nega qarshi?

Rezolyutsiyada YI tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam ko‘lami Vengriya olgan mablag‘lar bilan qiyoslangan. Urush boshlanganidan beri YI Ukrainaga 193,3 milliard yevro mablag‘ ajratgan. Bu Vengriya 2004-yilda ittifoqqa a’zo bo‘lganidan beri olgan sof moliyalashtirishdan qariyb uch baravar ko‘p.

YI (Vengriya, Chexiya va Slovakiyasiz) 2026–2027-yillarda Ukrainaga qo‘shimcha 90 milliard yevro qarz bermoqchi. Bu qarz faqat Rossiya urushdan keyin tovon to‘lagan taqdirdagina qaytarilishi mumkin.

Shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqining keyingi yetti yillik byudjetidagi ulushi 360 milliard yevrodan oshishi mumkin. Bu mablag‘ni qoplash uchun YI qishloq xo‘jaligi subsidiyalari va iqtisodiy hamjihatlik fondlarini qisqartirishiga to‘g‘ri keladi.

Hujjatda keltirilishicha, Ukrainani qayta tiklash kelgusi o‘n yilda 800 milliard dollar, harbiy xarajatlar esa yana 700 milliard dollarni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Vengriya parlamenti hisob-kitoblariga ko‘ra, bu xarajatlar har bir vengriyalik oila zimmasiga o‘rtacha 1,4 million forint (4300 dollar) miqdorida yuk bo‘lib tushadi.

Shu munosabat bilan, parlament hukumatning Ukraina urushini moliyalashtirish bo‘yicha umummilliy petitsiya (so‘rovnoma) o‘tkazish qarorini olqishladi. Vengriya xalqi bu borada o‘z fikrini bevosita bildirish imkoniga ega bo‘ladi.

“YI harbiy alyansga aylanmasligi kerak”

Rezolyutsiya yakunida Vengriya parlamenti Yevropa Ittifoqini harbiy ittifoqqa aylantirish harakatlaridan ogohlantirdi. Shuningdek, hujjat YI institutlarining a’zo davlatlar o‘rtasidagi bir ovozdan qaror qabul qilish talabini chetlab o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlarini qat’iyan rad etdi.

Deputatlar hukumatdan Vengriyaga ajratilgan YI mablag‘larini Ukrainaga yo‘naltirishga yo‘l qo‘ymaslikni va xalqaro tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni talab qildi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar