Daryo

Yevropa Ittifoqi Ukraina tufayli a’zolikka qabul qilish tartibini o‘zgartiradi

Ukraina anchadan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan. Biroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Kiyev va Moldovaning Ittifoqqa qabul qilinishiga veto qo‘ygan. Ittifoqning boshqa a’zolari bu ta’qiqni chetlab o‘tish uchun Yevrokomissiyaning qonunlarini o‘zgartirmoqchi.

1 daqiqa o‘qish1 326 ko‘rishlar0 izoh0

Yevropa Ittifoqi Vengriyaning keskin qarshiligiga qaramay, Ukraina va Moldovani a’zolikka qabul qilish uchun texnik ishlarni boshlab yuborgan. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Yevrokomissiya Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning vetosi sababli o‘z qoidalarini o‘zgartirishi mumkin. Buning uchun Ukraina va Moldova vakillari bilan bir necha mavzuda muzokaralar o‘tkaziladi. Bu jarayonda Kiyev va Kishinyov islohotlarini hamda qonunlarini Yevropa Ittifoqining standartlariga yaqinlashtiradi. Orban vetosini olib tashlashi bilanoq, bu ikki mamlakat Ittifoqning a’zoligiga qabul qilinadi.

Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun jiddiy islohotlarni amalga oshirishi zarur. Bu o‘zgarishlarni to‘xtatib qo‘yish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

DW nashrining yevropalik amaldorga tayanib yozishicha, 2026-yilning aprelida Vengriyada o‘tkaziladigan parlament saylovida Orbanning partiyasi yutqazgan taqdirda, Kiyev va Kishinyovni Yevropa Ittifoqiga a’zolikka qabul qilishga yo‘l ochiladi.

“Hozircha Vengriyaning vetosini chetlab o‘tishning imkoni yo‘q. Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat bilan muzokara boshlash uchun yakdil qaror qabul qilinishi kerak”, degan yevropalik rasmiy.

​Ukraina va Moldovaning Ittifoqqa qo‘shilishini tezlashtiruvchi yagona yo‘l — barcha texnik ishlarni oldindan bajarib qo‘yishdir.

“Texnik ishlar bajarilsa, Viktor Orban mansabdan ketgan kuni Kiyev bilan muzokaralar tezda oldinga siljiydi”, deya xulosa qilgan Ittifoqning rasmiysi.

​Ukraina 2022-yilning 28-fevral kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Moldova ham ikki-uch kundan so‘ng xuddi shunday ariza bilan chiqqan.

2024-yilning 1-dekabridan Yevropa kengashi raisi lavozimini egallagan Antoniu Koshta Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini tezlashtirishga va’da bergan edi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham 2025-yilning fevralida Ukraina islohotlarni davom ettirsa, 2030-yilga qadar Ittifoqqa qabul qilinishi mumkinligini ta’kidlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar