Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda, Rossiya Erondan hech qanday yordam, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha so‘rov olmadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Bu bizning urushimiz emas”
Peskovga Rossiya Tehronga siyosiy dastakdan tashqari, qurol-yarog‘ yetkazib berish kabi amaliy yordam ko‘rsatishni rejalashtiryaptimi degan savol berildi.
“Bu holatda Erondan hech qanday so‘rov bo‘lmadi. Bizning qat’iy pozitsiyamiz barchaga ma’lum. Bu borada hech qanday o‘zgarish yo‘q. Bu bizning urushimiz emas. Biz o‘z manfaatlarimizga mos keladigan ishlarni qilishimiz lozim”, deya ta’kidladi Peskov.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtata olmaydi.
Urushni boshlagan odam to‘xtatishi mumkin, dedi amaldor.
Rossiya va Eron o‘rtasida 2025-yilda umumiy tahdidlarga qarshi turish bandlarini o‘z ichiga olgan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Biroq ushbu pakt Rossiyaning Shimoliy Koreya bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasidan farqli o‘laroq, o‘zaro mudofaa majburiyatlarini ko‘zda tutmaydi.
Yonilg‘i narxi va Yevropaga gaz yetkazib berish masalasi
Peskov, shuningdek, Yaqin Sharqdagi nizo Rossiyadagi benzin narxiga ta’sir qilmasligi kerakligini bildirib, monopoliyaga qarshi kurash organlari bozorni nazorat qilayotganini qayd etdi.
Jurnalistlarning Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindimi degan savoliga matbuot kotibi “yo‘q” deb javob berdi.
“Kecha prezident alohida ta’kidladiki, bu hali qaror emas, shunchaki taklif. To‘g‘rirog‘i, hukumatga ushbu masala ustida ishlash bo‘yicha berilgan topshiriqdir”, dedi Peskov.








