Yaqin Sharqdagi, xususan, Eron atrofidagi vaziyat ortidan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida oltin rekord darajadagi chegirmalar bilan sotilmoqda. Urush sababli aviaqatnovlarning to‘xtashi va xavfsizlik choralari qimmatbaho metallarni ushbu yirik savdo xabidan olib chiqib ketish imkoniyatini cheklab qo‘ydi.
Ko‘plab xaridorlar yetkazib berish muddati kafolatlanmagani hamda sug‘urta va transport xarajatlari haddan tashqari oshib ketgani sababli yangi buyurtmalardan voz kechmoqda. Oqibatda, treyderlar oltinni saqlash va moliyalashtirish uchun cheksiz xarajat qilmaslik maqsadida London benchmarkiga (jahon narxiga) nisbatan har bir unsiya uchun 30 dollargacha chegirma taklif qilmoqda.
Osmon yopiq, quruqlik esa xavfli
BAA, xususan Dubay, oltinni qayta ishlash va Osiyo bozorlariga eksport qilishda dunyodagi eng muhim markazlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Shveysariya, Buyuk Britaniya va Afrika davlatlaridan keladigan yuklar uchun asosiy tranzit yo‘lagidir. Ma’lumot uchun, 2024-yilda BAA 100 milliard dollardan ortiq qiymatdagi 1392 tonna oltin import qilgan.
Biroq, AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi urushning mana yetti kundir davom etishi va havo hududining yopilishi logistikani boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi. Oltin odatda yo‘lovchi samolyotlarining yuk bo‘limlarida tashiladi. Qatnovlar cheklangani sababli yuklar aeroportlarda qolib ketmoqda.
Treyderlar va logistika kompaniyalari qimmatbaho yuklarni Saudiya Arabistoni yoki Ummon aeroportlariga quruqlik orqali tashishdan bosh tortmoqda. Chegaralardan o‘tishdagi murakkabliklar va xavfsizlik risklari bunga asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Hindiston bozoridagi vaziyat
Dubaydan oltin yetkazib beriladigan eng yirik bozorlardan biri — Hindistonda jismoniy oltin taqchilligi sezila boshladi.
“Bir nechta yuk partiyalari kechikmoqda yoki to‘xtab qolgan, bu esa Hindistonda qisqa muddatli qiyinchiliklarni keltirib chiqardi”, dedi Augmont Enterprises tadqiqot bo‘limi rahbari Renisha Chainani.
Biroq, tahlilchilarning fikricha, hindistonlik xaridorlar hozircha kutish imkoniyatiga ega. Yanvar oyidagi rekord import hajmi hisobiga zaxiralar yetarli va ayni damda talab nisbatan sust.
“Hozircha zaxiralar yetarli, ammo agar bu holat yana bir necha oy davom etsa, muammo jiddiylashadi”, dedi Metals Focus maslahatchisi Chirag Shet.
Xarajatlar 70 foizga oshdi
Urush nafaqat tayyor mahsulot, balki xomashyo (yarim tayyor oltin quymalari) yetkazib berishga ham salbiy ta’sir etdi. Hindistonning eng yirik zavodi MMTC-PAMP rahbari Samit Guhaning so‘zlariga ko‘ra, zavod xomashyosining 10 foizi Yaqin Sharqdagi konlardan kelardi va hozirda bu zanjir uzilgan. Boshqa hududlardan keltiriladigan xomashyo uchun logistika xarajatlari urush boshlanganidan beri 60–70 foizga oshib ketgan.
Ayni paytda oltinning spot narxi 2026-yil boshidan beri deyarli beshdan bir qismga qimmatlashib, bir unsiya uchun 5000 dollardan baholanmoqda. Shunga qaramay, joriy haftada dollar mustahkamlanishi fonida narxlarda biroz pasayish va o‘zgaruvchanlik kuzatildi.








