Daryo

AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuchlar yubordi

Pentagon rahbari Eronga qarshi urush “endi boshlanayotgani”ni aytdi va AQSH 900 kilogacha og‘irlikdagi bombalarning cheksiz zaxirasidan foydalanishini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish3 938 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Yaqin Sharqqa qo‘shimcha Amerika harbiy kuchlari yuborilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Pentagonda 4-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Hegset Eronga qarshi AQSH va Isroil harbiy kampaniyasi “endi boshlanayotgani”ni ta’kidladi.

“Biz sekinlashmayapmiz, aksincha, tezlashyapmiz... Bugunning o‘zida yana bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar yetib kelmoqda”, degan mudofaa vaziri jurnalistlarga.

​Shuningdek, u AQSH 226 kg, 453 kg va 900 kg og‘irlikdagi bombalarning deyarli cheksiz zaxirasidan foydalanishini aytdi. Vazir Isroil va AQSH “kun bo‘yi osmondan o‘lim va vayronagarchilik yog‘dirishi”ni ta’kidladi.

Hegsetning keskin bayonotlari AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganiga besh kun bo‘lgan bir paytda yangradi. Eronning Tasnim agentligiga ko‘ra, 28-fevraldan beri mamlakat bo‘ylab kamida 1045 kishi halok bo‘ldi.

Huquqshunos ekspertlar bu hujumni BMT nizomi va xalqaro huquq normalarining buzilishi sifatida keskin qoraladi. Gumanitar tashkilotlar esa urushning Yaqin Sharqdagi tinch aholiga ta’siridan tashvish bildirdi. Tehrondagi Al Jazeera muxbiri Muhammad Vallning aytishicha, zarbalarning asosiy yuki tinch aholiga tushmoqda.

“Zarbalar uzluksiz davom etmoqda”, dedi u va Tehron aholisining to‘rtdan uch qismi shaharni tark etganini aytdi.

​Tehronning hujumlarga javobi ham qoralashlarga sabab bo‘ldi. Mamlakat mintaqadagi AQSH harbiy bazalari va unga aloqador obyektlarga raketa hamda dronlar uchirmoqda. Eron hujumlari tobora ko‘proq Fors ko‘rfazidagi neft va gaz infratuzilmasiga qaratilmoqda. Bu esa jahon energiya bozorlarida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar