Daryo

Isroil mudofaa vaziri Eronning yangi rahnamosini o‘ldirish bilan tahdid qildi

Kats mamlakat armiyasiga Ali Xomanaiydan keyin Eron hukumatini qo‘lga oladigan har qanday yetakchini yo‘q qilish uchun barcha mavjud vositalarni ishga solish bo‘yicha rasman ko‘rsatma berdi.

1 daqiqa o‘qish8 813 ko‘rishlar0 izoh5

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning vafotidan keyin uning o‘rnini egallashi kutilayotgan har qanday yangi yetakchi Isroil uchun nishonga aylanishini ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Katsning ta’kidlashicha, Eron rasmiylari tomonidan tayinlanadigan har qanday yangi rahnamo, agar u muayyan maqsadlarni davom ettirsa, yo‘q qilinadi. Vazir ushbu maqsadlarni quyidagicha sanab o‘tdi:

  • Isroilni yo‘q qilish rejasini davom ettirish;
  • AQSH va erkin dunyoga tahdid solish;
  • Eron xalqini zulm ostida ushlab turish.

Mudofaa vaziri bo‘lajak rahbarning shaxsi, ismi-sharifi yoki qayerda ekani Isroil uchun ahamiyatga ega emasligiga urg‘u berdi.

“Eron rejimi tomonidan tayinlanadigan har qanday yetakchi Isroil uchun teng darajadagi nishon bo‘ladi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va men Isroil harbiylariga ushbu vazifani bajarish uchun barcha mavjud vositalarni tayyorlash va ulardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma berdik”, dedi Israel Kats.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Isroil o‘zining amerikalik ittifoqchilari bilan birgalikda rejimning salohiyatini pasaytirish bo‘yicha choralarni davom ettiradi. Bu harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Eron xalqi tomonidan rejimni ag‘darish va hokimiyatni o‘zgartirish uchun sharoit yaratishdir.

Ayni paytda ba’zi OAV Eronda yangi oliy rahnamo saylanganini e’lon qildi. Germaniyaning Deutsche Welle nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Ali Xomanaiyning o‘g‘li — Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi rahbari etib saylangan.

Mujtabo Xomanaiyni saylash to‘g‘risidagi qaror 88 nafar nufuzli shia ulamolaridan iborat kengash tomonidan qabul qilingan. Ta’kidlanishicha, ushbu tayinlov Islom inqilobi muhofizlari korpusining bevosita bosimi ostida amalga oshirilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar