O‘zbekistonning 13 nafar fuqarosi Turkmaniston orqali vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Ashxoboddagi elchixona mamlakatning Erondagi vakolatxonasi va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vakolatli idoralari bilan hamkorlikda yurtdoshlarni chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Turkmaniston davlat idoralarining ko‘magida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida Ashxobod shahridagi elchixona xodimlari 13 nafar vatandoshlarni “Sarahs” Turkmaniston—Eron chegara posti orqali O‘zbekistonga xavfsiz kuzatib qo‘ydi.
2026-yil 2-martdan fuqarolar va transport vositalari o‘tishi uchun Turkmaniston—Eron davlat chegarasining Gaudan—Bajgiran, Artik—Lyutfabad, Akyayla—Incheburun va Oltin Asir—Incheburun nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati ham qayta tiklandi.
Ma’lum qilinishicha, elchixona xodimlari o‘zbekistonlik fuqarolarini Turkmaniston—Eron chegarasidagi Gaudan—Bajgiran nazorat-o‘tkazish punktida kutib olmoqda. O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasi avtotransport vositalarini safarbar etdi.
O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi xodimlarining telefon raqamlari:
+993 64 78-04-44 – Jasur Ashurov
+993 64 99-34-58 – Jamshid Buriyev
+993 62 20-49-56 – Jasur Axmedov (konsul)
2-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Erondan Turkmaniston hududi orqali mamlakatga qaytayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rayotgani xabar qilingandi.
Ashxoboddagi elchixona Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tezkor shtabi va vakolatli tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.








