“Daryo”da Samarqandda tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻyilgani, ikki tuman hokimi oʻgʻillarini Xitoy safari bilan siylagani xabar berilgandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatni oʻrganib chiqdi.
Agentlik tahlili natijalariga koʻra, Xitoyga nafaqat hokimning oʻgʻillari, turmush oʻrtogʻi va qarindoshlari ham yuborilgan.
Qayd etilishicha, Qoʻshrabot tuman hokimining haydovchisi va oʻgʻli yuborilgan Xitoy safariga professional fermerlar yuborilishi lozim boʻlgan. Safarga Qoʻshrobod tumanidan 32 nafar kishi ketgan.Viloyatning Qoʻshrabot va Kattaqoʻrgʻon tuman hokimliklari mansabdorlari xizmat safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador boʻlmagan xodimlarni yuborgani aniqlandi, deyiladi agentlik bergan maʼlumotda.
Kattaqoʻrgʻon tumani hokimligi ham Xitoyga yuborilishi kerak boʻlgan fermerlar oʻrniga hokimning oʻgʻli va tanishlarini yuborgani oshkor boʻlgan.Delegatsiyaga tuman hokimining turmush oʻrtogʻi M.Sh., shuningdek, hokimlikdagi boshqa mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi Ch.H.lar asossiz ravishda kiritilganligi maʼlum boʻldi. Roʻyxatdagi N.X. va M.S.lar esa tumandagi 1-sonli texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan boʻlib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi maʼlum boʻldi, deydi masʼullar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kattaqoʻrgʻon hamda Qoʻshrobot tumani hokimliklarini davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi farmoniga zid harakat qilishda, mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar eʼlon qilinishi belgilangan boʻlishiga qaramay ushbu maʼlumotlarni yashirganlikda ayblamoqda. Shu sabab agentlik oʻrganish jarayonida toʻplangan hujjatlarni qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborgan.2025-yilning 22—30-may kunlari tumandan Xitoyga yuborilgan delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga toʻgʻridan toʻgʻri aloqadorligi boʻlmagan hokimning oʻgʻli, qolaversa hokimlik xodimi ham kiritilgan, deyiladi agentlik xabarida.








