O‘zbekiston oltin zaxiralari hajmi 390,3 tonnaga yetib, global reytingda 14-o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi hisobotida maʼlum qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston oltin zaxiralar hajmi bo‘yicha Portugaliya (382,7 tonna) va Qozog‘istonni (341 tonna) ortda qoldirgan.
Respublika 2025-yilda 7,8 tonna qimmatbaho metall sotib olgan. 2020-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrdagi xarid hajmi 54,4 tonnani tashkil etgan.
Kengash Polsha 2025-yilda oltin sotib olish bo‘yicha global yetakchiga aylanganini qayd etgan. Mamlakat Markaziy banki yil davomida qarib 102 tonna qimmatbaho metall xarid qilgan. Qozog‘iston 57 tonna sotib olish bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
Ozarbayjon esa 53,4 tonna bilan kuchli uchlikda qayd etilgan. Braziliya va Turkiya ham yetakchi beshlikka kirgan. Qimmatbaho metall narxi yil davomida keskin o‘sishni ko‘rsatgan. Yaʼni 2025-yil boshida oltinning bir unsiyasi 2 800 dollar atrofida bo‘lgan. 2026-yil boshida esa bu qiymat qariyb 5 000 dollardan oshgan.
Jahon oltin kengashi o‘tgan yili oltinning asosiy sotuvchilari Singapur (26,4 tonna) va Rossiya (6,2 tonna) bo‘lganini maʼlum qilgan. Uzoq muddatda, 2020-yildan beri Xitoy eng yirik xaridor bo‘lib qolmoqda. Mamlakat jami 358 tonna oltin to‘plagan.
Dunyo miqyosida AQSH 8 100 tonna zaxira bilan birinchi o‘rinda turadi. Yetakchi beshlikka Germaniya, Italiya, Fransiya va Rossiya ham kiradi.
2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi 75 milliard dollarga yetgan. Shundan 65 milliard dollari oltin zaxirasining qiymati hisoblanadi.








