Daryo

Gaz eksporti toʻxtatilmagan, avtomobil importi ortgan: Oʻzbekiston tashqi savdosida nima gap?

Mamlakatning asosiy savdo hamkorlari Xitoy bilan Rossiya boʻlib qolmoqda. Eksportda oltin sotuvi katta ulushni egallasa, importda mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasi yuqori.

2 daqiqa o‘qish12 237 ko‘rishlar1 izoh3

2025-yil yanvar–noyabr oylarida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarga yetdi. Bu koʻrsatkich 2024-yil mos davriga nisbatan 13 mlrd dollarga (21,8 foiz) ortgan.

Statistika qoʻmitasi tahliliga koʻra, 11 oyda Oʻzbekiston bilan tashqi savdoning 36,3 foizi Xitoy (20,1 foiz) va Rossiya (16,2 foiz) hissasiga toʻgʻri kelgan. Qozogʻiston (6 fozi), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya (2,2 foiz) ulushi ham qolgan davlatlarga qaraganda yuqori boʻlgan.

Infografika: Statistika qoʻmitasi

Eksport keskin oʻsdi

Tashqi savdoda eksport ulushi 30,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024-yil mos davri bilan taqqoslaganda qariyb 26,2 foizga koʻp.

Oʻzbekiston 11 oyda 9,9 mlrd dollarlik oltin sotgan (2024-yil yanvar-noyabrda 6,6 mlrd dollar). Mazkur qiymat jami eksport tushumlarining 32 foiziga teng.

Oʻz navbatida 8,5 mlrd dollarlik xizmatlar eksporti amalga oshirilgan va umumiy tushumlarning 27,4 foizini taʼminlagan. Shu bilan birga, xorijga sanoat tovarlari (11,3 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar sotuvi (8,7 foiz) eksport tushumlarida nisbatan yuqori ulushni egallagan.

Mamlakatda gaz taqchilligi mavjudligiga qaramay, mazkur mahsulot eksporti toʻxtatilmagan. Oʻtgan 11 oy davomida 624,1 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilingan. Bu 2024-yil mos davridagiga qaraganda 5,2 foizga koʻp. Chet elga 152,2 mln dollarlik elektr toki ham sotilgan. Bunda sotuv hajmi 2024-yil 11 oylik raqamlaridan 58,4 foizga oʻsgan.


Infografika: Statistika qoʻmitasi

Nimalar koʻproq import qilindi?

Yanvar-noyabr oylarida Oʻzbekistonga 180 ta davlatdan 41,9 mlrd dollarlik (yillik oʻsish 18,7 foiz) tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan. Umumiy miqdorning qariyb 30,5  foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. Rossiya (18,5 foiz), Qozogʻiston (7,2 foiz), Turkiya (3,9 foiz), Koreya (3,6 foiz) ulushi ham nisbatan yuqori boʻlgan.

Importda eng katta ulushni mashinalar va transport asbob uskunalari savdosi egallagan. Hisobot davrida mazkur toifadagi mahsulotlar importi 14 mlrd dollarni (33,6 foiz) tashkil etgan. Yana qator tovar xizmatlar ulushi nisbatan yuqori boʻlgan. Xususan, xorijdan 6,5 mlrd dollarlik sanoat tovarlari (jami importdagi ulushi 15,7 foiz), 5,1 mlrd dollarlik kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,2 foiz), 4,4 mlrd dollarlik xizmatlar (10,7 foiz) sotib olingan. 

Infografika: Statistika qoʻmitasi

Oʻtgan davrda mamlakatga 3,3 mlrd dollarlik avtomobillar import qilingan. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 10,3 foiz koʻp. Yanvar-noyabrda chet eldan 2,2 mlrd dollarlik elektr mashinalari, apparatlari va jihozlari va ularning elektr qismlari xaridi amalga oshgan. Mazkur koʻrsatkich bir yil oldingidan 23,5 foizga oʻsgan.

Oʻzbekiston 11 oy ichida 1,45 mlrd dollarlik tabiiy gaz import qilgan. Ushbu raqam 2024-yil mos davriga qaraganda 1,2 foizga qisqargan. Shu bilan birga, chet eldan 761,7 mlr dollarlik goʻsht va goʻsht mahsulotlari olib kelingan. Bu 2024-yilga nisbatan 68,5 foizga koʻp. Tamaki va tamaki mahsulotlari importi 108,6 mln dollarni tashkil etib, 2024-yil 11 oyidagiga qaraganda 74,5 foizga oshgan. Koʻmir, koks va briketlar importi 187,4 mln dollar boʻlib, o‘tgan yilgidan 20,6 foizga koʻpaygan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar