Toshkent shahri Mirobod tumanida 25-fevral kuni haydovchi BMW M4 avtomobilida YPX inspektorini urib ketgandi. IIBB xodim 27-fevral kuni shifoxonada vafot etganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, xizmatdagi inspektor 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi BMW rusumli avtomobil tomonidan urib yuborilgan. Og‘ir tan jarohatlari olgan xodim uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay hayotdan ko‘z yumgan.
Hosilbek Eshnazarov 1993-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U 2022-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan. Marhum oilali bo‘lib, ikki nafar o‘g‘il va bir nafar qiz farzandning otasi edi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq BMW’da YPX xodimini urib yuborgan bola avval ham qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzgani ma’lum qilingandi. “Hamma ishim noto‘g‘ri. Qilgan ishimdan pushaymonman”, degan yigit.
Ushbu avtomobil 2002-yilda tug‘ilgan qizga tegishli bo‘lib, avtomobil 2024-yildan shu kunga qadar 18 marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga haydash uchun berilgan.








