Luvr direktori Lorans De Kar muzeyda sodir boʻlgan yirik oʻgʻrilikdan toʻrt oy oʻtib iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Bu haqda Yelisey saroyi matbuot xizmati xabar berdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 24-fevral kuni uning iste’fosini qabul qildi. Siyosatchi buni “mas’uliyatli qaror” deb atadi. Muzeyning yangi direktor kim bo‘lishi ma’lum qilinmagan.
Lorans De Kar ishdan ketish sababini tushuntirar ekan, uning lavozimda qolishi “muzeyni isloh qilish va modernizatsiya qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga imkon bermayotganini” aytdi. Luvrdagi faoliyati haqida gapirib, to‘rt yil davomida muzey rivojiga yangi dinamika qaytarganini ta’kidladi.
Men xatolar qilgan bo‘lishim mumkin, ammo Luvrni yana harakatga keltirdim, deb hisoblayman, dedi u.
Lorans De Kar 2021-yil sentyabridan beri Luvr direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. U 2025-yil 19-oktyabrda niqobli jinoyatchilar ish kuni o‘rtasida Luvrga kirib, imperator kolleksiyasidan to‘qqizta eksponatni o‘g‘irlab ketganidan to‘rt oy o‘tib ishdan bo‘shadi.
O‘g‘irlangan narsalar orasida Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlari ham bor edi. Yetkazilgan zarar 88 million yevroga baholangan. Talonchilik ishi bo‘yicha to‘rt kishi qo‘lga olingan. Oʻgʻirlangan buyumlardan hech biri topilmagan. Luvr talon-taroj qilinganidan so‘ng Lorans De Kar darhol iste’foga chiqish arizasini bergan, biroq oʻshanda Makron uning iltimosini rad etgandi.








